Arab davlatlari ligasi (ADL) va Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) qo‘shma delegatsiyasi London va Parijdagi uchrashuvlarda ushbu mamlakatlarni Yaqin Sharqda keng qamrovli tinchlikka erishish, ziddiyatni ikki davlat tamoyiliga asoslangan holda bartaraf etish uchun Isroilga ta’sir o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda “RIA Novosti” Turkiya diplomatiya manbalariga tayanib yozgan.

Mazkur qo‘shma qo‘mita delegatsiyasi safida Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Misr, Indoneziya, Falastin tashqi siyosat idoralari rahbarlari va IHT bosh kotibi bor. Ular avvalroq Pekin va Moskvada ham bo‘lishgan. Chorshanba kuni delegatsiya safiga Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan ham qo‘shildi. Vakillar London va Parijda Buyuk Britaniyaning yangi tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron hamda Fransiya tashqi ishlar idorasi rahbari Katrin Kolonna va Prezident Emmanuel Makron bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Fidan muloqotdan maqsad G‘azo sektorida o‘t ochishni butunlay to‘xtatish ekanini ta’kidladi. Isroilga ta’sir qila oladigan davlatlar tinchlikka erishish uchun ushbu mamlakatga bosim o‘tkazishi kerak, – deya ta’kidlanadi xabarda.