O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 19 may kuni Andijon viloyatiga keldi.

Mamlakatimizda, jumladan, Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida qishloq xo‘jaligi, sanoat, qurilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, ijtimoiy sohalar rivojlanmoqda. Viloyatda 2018 yilning yanvar-mart oylarida yalpi hududiy mahsulot o‘sish sur’ati 8,9 foiz yuksalib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 3,6, qishloq xo‘jaligi 1,7, qurilish ishlari hajmi 3,7 foiz oshdi.Prezidentimiz 2017 yil 2-3 iyun kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayoni bilan tanishib, bir qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan topshiriq va maslahatlar bergan edi. O‘tgan vaqt mobaynida ana shu yo‘nalishda muayyan ishlar amalga oshirildi.

Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida joriy yilda umumiy qiymati 3,8 trillion so‘m miqdorida mablag‘ o‘zlashtirilishi hisobiga 448 loyihani amalga oshirish, 22 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratish belgilangan. O‘tgan davr mobaynida 51 loyiha doirasida yangi quvvatlar ishga tushirilib, 3 ming 869 yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Hududiy investitsiya dasturi doirasida 10 loyihani amalga oshirish uchun 11,2 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etildi. Jumladan, Shahrixon tumanida loyiha qiymati 1 million 600 ming dollar bo‘lgan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “ALS TEX” fabrikasi ish boshladi, 350 kishi ish bilan ta’minlandi. Umuman, viloyatda 2018-2019 yillarda 204 million AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyani o‘zlashtirish, buning hisobiga tashkil etilgan korxonalarda 4 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratish belgilangan.

Viloyatda faoliyat yuritayotgan 22 mingdan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida ularga 533,1 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratildi.

Andijon shahri, Asaka va Shahrixon tumanlarida tashkil etiladigan kichik sanoat hududlarida 94 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Natijada 1 ming 908 yangi ish o‘rni yaratiladi. Bugungi kunga qadar 33 milliard 600 million so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 45 loyiha ishga tushirildi, 771 kishi ish bilan ta’minlandi.

Prezidentimizning 2016 yil 21 oktyabrdagi “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2018 yilda viloyatda 1 ming 205 arzon uy-joylar qurib bitkazilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, joriy yilda profilaktika inspektorlari uchun 130ta arzonlashtirilgan namunaviy uy-joy, shuningdek, 588 xonadonli 14ta ko‘p qavatli uy qurilishi belgilangan.

Investitsiya dasturiga asosan 21 milliard 800 million so‘m mablag‘ evaziga 31 obyektda 62 kilometr suv tarmog‘i quriladi, 17 suv qudug‘i, bino va inshootlari rekonstruksiya qilinadi. Hozir mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 74 suv qudug‘i, 253 kilometr suv tarmog‘ini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarilmoqda. Natijada qator hududlar aholisining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.

Aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 111,7 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari, 108ta transformator punkti ishga tushirildi.

Tabiiy gaz ta’minoti, gaz balonlari va ko‘mir yetkazib berishda ham keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.

2018 yilda viloyatda jami 325 davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish belgilangan. Ayni kunga qadar 31 nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ishga tushdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” dasturi asosida 14 tumandagi 28 mahalla fuqarolar yig‘inida qurilish, obodonlashtirish, aholining turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimizning navbatdagi tashrifi davomida viloyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar ijrosining borishi, avvalgi tashrif asnosida berilgan topshiriqlarning bajarilishi, aholining talab-ehtiyojlari bilan bevosita tanishish ko‘zda tutilgan.

 

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA