Prezident Shavkat Mirziyoyev “Indenim Textile” klasterining Termiz shahridagi to‘qimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Bu korxona 2019 yil ishga tushirilgan bo‘lib, uning umumiy qiymati 10 million dollardan ziyod. Germaniya, Yaponiya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlardan keltirilgan ilg‘or texnologiya va uskunalar samarasida yiliga 800 turdagi 9 million dona kiyim-kechaklar ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Ularning bir qismi eksportga, asosiy qismi ichki bozorga – “Indenim” do‘konlariga yetkazib berilmoqda.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini, mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.

– Yurtimizda to‘qimachilik xomashyosi bor, mahsulotlar sifati ham yaxshilanib borayapti. Faqat bizda dizayn maktabi yo‘q. Hozir dunyoda uslublar tez o‘zgarayapti. Kiyim korxonalarimiz raqobatbardosh bo‘lishi uchun dizayn maktabini rivojlantirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, mutaxassislarni Italiya kabi dizayn sohasi taraqqiy etgan mamlakatlarga tajriba uchun yuborish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shuningdek, bozorni o‘rganish va prognozlashtirish, bu borada tadbirkorlarga ko‘maklashish zarurligi ta’kidlandi.

Korxonada monomarkaz tashkil etilgan, ishchilar avval shu yerda o‘qitiladi. Bugungi kunda 800 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlangan.

“Indenim Textile” klasterining paxta yetishtirish va qayta ishlash, ip-kalava tayyorlash, kiyim ishlab chiqarish hamda sotish zanjiri yaratilgan. Ularda jami 9 ming nafardan ortiq xodim mehnat qilayotir.

Davlatimiz rahbariga korxonaning istiqboldagi rejalari haqida ma’lumot berildi. Kelgusida mato to‘qish va bo‘yash, kiyim-kechak ishlab chiqarish hajmi oshiriladi. Buning uchun umumiy 55 million dollar investitsiya yo‘naltiriladi. Natijada yana 10 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.