O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 17 noyabrdagi “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi 196-sonli farmoniga ko‘ra, joriy yil 1 dekabrdan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar 7% ga oshirilmoqda, ya’ni:

– pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – 372 ming so‘m;
– yoshga doir eng kam pensiya miqdori – 725 ming so‘m;
– mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – 1 mln 50 ming so‘m etib belgilanmoqda.

Prezidentning farmoni natijasida 4,5 mln kishining pensiyasi va nafaqalari miqdori ko‘payadi va barcha byudjet tashkilotlari xodimlarining oylik maoshlari dekabrdan boshlab 7% ga oshgan holda hisoblanadi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bazaviy hisoblash miqdori 1 dekabrdan 3% miqdorda (7% emas!) o‘zgarib, 340 ming so‘m etib belgilanmoqda. Umuman olganda yil davomida ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalar jami 14,5% ga oshgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdori esa bundan kamroq, ya’ni 13% ni tashkil etdi.

O‘zA