Bu haqda Termiz shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ta’kidlandi.

Viloyatning turizm salohiyati ancha yuqori, bu yerda 600 dan ziyod madaniy meros va turizm ob’ektlari bor.

Bu yili Dalvarzintepa yodgorligida ochiq osmon muzeyini tashkil qilish bo‘yicha ishlar boshlandi. Bu ishlarni davom ettirib, Boysunda dunyodagi eng chuqur g‘orlardan biri bo‘lgan “Boybuloq”, neandertal odam qoldig‘i topilgan “Teshiktosh” va “Machay” g‘orlari, ellin madaniyati yodgorligi bo‘lmish Uzundara qal’asida ham bunday muzey tashkil etiladi. Sheroboddagi qadimgi odam yashagan Xatak g‘ori va Zarautsoy qoyatoshiga xorijiy olimlar ekspeditsiyasi yo‘lga qo‘yiladi.

“Samarqand – Kitob – Denov – Oltinsoy – Termiz” marshruti bo‘ylab “Naqshbandiya pirlari” turizm halqasi ochiladi.

Viloyatda 2,5 ming o‘ringa ega 53 tagina mehmonxona bor, ularning yarmi Termiz shahrida joylashgan.

Kelgusi yilda viloyatga sayyohlar oqimini 3 barobar oshirish reja qilinayotgani bois, Surxondaryo tadbirkorlariga mehmonxona qurishga “yulduzi”dan qat’i nazar subsidiya berilishi belgilandi.

Yil yakuniga qadar Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tiklash, kelgusi yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish, Termizdan Istanbul, Farg‘ona, Buxoro va Xorazmga reyslarni ko‘paytirish topshirildi.

Shuningdek, “Termiz – Toshkent” yo‘nalishida turistik vagon qo‘yiladi, “Sariosiyo – Toshkent” yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

 

O‘zA