Termiz shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish davom etmoqda.

Yig‘ilishda yaqin yigirma yilda Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foiz kamayishi kutilayotgani ta’kidlandi.

Suv tejovchi texnologiyalar kengaytirilmoqda, lekin bu yetarli emasligi qayd etildi.

Surxondaryoda 80 foiz yerlar nasos orqali sug‘oriladi. Biroq 52 ta nasosning xizmat muddati 40 yildan oshgan.

Oqibatda, suv tannarxi 2 barobar qimmatga tushayapti, yiliga 20 million kilovatt soat elektr behuda sarflanayapti, yana 20 ming gektarda suv ta’minoti yomonlashgan.

Shuningdek, 1 ming 700 kilometr sug‘orish tarmog‘ining yarmi tuproq o‘zanli bo‘lgani uchun 35 foiz suv yo‘qotilayapti.

– “Suv – tekin emas”, degan g‘oyani aholiga chuqur singdirish, uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish asosiy vazifa bo‘lishi lozim”, – dedi Prezident.

Mutasaddilarga 47 ta kanalni betonlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish, suv yo‘qotilishi ko‘p bo‘lgan 6 ta kanalni ta’mirlash, kelgusi yilda “Sherobod magistral” kanalini ta’mirlashga 60 million dollar jalb etib, 90 ming gektar yerlarni tiklash bo‘yicha topshiriq berildi.

O‘zA