Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda Surxondaryo o‘zining tabiiy tuproq-iqlim sharoiti bilan ertaki mahsulotlarni yetishtirishda birinchi o‘rinda bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Lekin, hosildorligi yuqori urug‘ va ko‘chat bilan ta’minlash hamda yetishtirilgan mahsulotni sotib olishda muammolar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga 10 ta tumanda in vitro laboratoriyalarini tashkil qilish topshirildi.

Kelgusi yilda dala chetlarida 100 ta mini quritish, saralash va qadoqlash uskunalari hamda 70 ta kichik sovutkichlar o‘rnatiladi. Buning uchun yerlar dehqonlarga tekin beriladi.

100 ming gektarda ixcham parniklar tashkil qilib, barra piyoz, brokkoli, rozmarin, rukkola, timyan, qizil rayhon, yalpiz kabi eksportbop ekinlar yetishtirish mumkinligi ta’kidlandi.

Termiz agro-texnologiya institutida Italiyaning Tushia universiteti, “Sivi Italiya” uyushmasi bilan Intensiv urug‘chilik va ko‘chatchilik xalqaro markazini tashkil qilish topshirildi. Unda afg‘on shamoli va qurg‘oqchilikka chidamli navlar yaratiladi, in vitro laboratoriyasi va IT inkubator markazi, 20 ta issiqxona va tajriba-sinov uchastkalari ish boshlaydi.

 

O‘zA