KXDR o‘rta masofaga uchadigan ballistik raketa uchun quyuq yonilg‘ida ishlaydigan dvigatelning yangi turini ishlab chiqdi, deb yozdi Janubiy Koreyaning “Ryonxap” agentligi.

Yaqinda Shimoliy Koreya uch kun oralig‘ida ikki bor yangi, yuqori quvvatga ega dvigatelli raketa sinovi o‘tkazgani haqida xabar tarqalgan edi.

Janubiy Koreya esa 18 noyabrda shimolliklar “Raketa sanoati kuni”ni nishonlashini ta’kidladi. Shu kuni Pxenyan josus-yo‘ldoshni orbitaga olib chiqishi mumkin.

KXDR Oliy Xalq yig‘ini prezidiumi “Xvason-17” qit’alararo ballistik raketasi uchirilganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan 18 noyabrda yangi kasb bayrami – “Raketa sanoati kuni” nishonlanishini ma’qullagan.

2022 yil 18 noyabr kuni Pxenyanga yaqin Sunan aerodromi hududidan Yapon dengiziga qarata raketa uchirilgan edi. Shimoliy Koreya matbuoti tarqatgan ma’lumotda aytilishicha, uchoq 6040,9 kilometr balandlikda 999,2 kilometr masofaga uchib, Yapon dengiziga borib tushgan. Parvoz 4135 soniya davom etgan.

Yaponiya mudofaa vaziri Yasukazu Xamada ta’kidlashicha, agar ushbu raketa odatiy trayektoriyada uchganda, parvoz masofasi 15 ming kilometrga, ya’ni AQSH hududiga yetib borgan bo‘lardi.

O‘shanda KXDR yetakchisi Kim Chen In “Xvason-17” raketasi sinov parvozi muvaffaqiyatli kechgani, mamlakat qudrati har qanday yadroviy tahdidni bartaraf qilishga qodir ekanini ta’kidlagan. U parvoz amalga oshirilgan joyga rafiqasi va qizi bilan kelgan. Kuzatuvchilar fikricha, shu orqali yetakchi mamlakatning qit’alararo ballistik raketasi ishonchli ekanini namoyish qilgan.

Shimoliy Koreya sinov tadbirlari janubliklarni hamda Yaponiyani qattiq xavotirga solib, hatto AQSH va ittifoqchilarni ham bezovta qilyapti.

KXDRning ketma-ket raketa uchirishi mintaqada keskinlikni oshirmoqda, deyishyapti Yaponiya va Janubiy Koreya rasmiylari.

Kuni kecha Tokioda uyushtirilgan matbuot anjumanida Yaponiya hukumati bosh kotibi Xirokazu Matsuno quyuq yonilg‘ida ishlaydigan raketa kutilmagan zarba berish imkoniyatini oshirish maqsadida yaratilmoqda, dedi.

– Biz Shimoliy Koreyaning harbiy sa’y-harakati, jumladan raketalar parvozini diqqat bilan kuzatib boryapmiz, ma’lumotlarni to‘plab, tahlil qilyapmiz, – dedi mulozim. – Hukumat kelgusida ham vaziyatni hushyorlik bilan nazorat qiladi.

S.Rahimov, O‘zA