Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori Matteo Mekachchi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va YeXHT o‘rtasida keyingi yillarda o‘rnatilgan ochiq va ishonchli muloqotni mamnuniyat bilan qayd etdi. Shuningdek, o‘zaro manfaatli sohalarda yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Matteo Mekachchi mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini, jamiyatni isloh qilishda mamlakat parlamentining roli ortib borayotganini qayd etdi. U Byuro O‘zbekistonda parlamentarizm va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga har tomonlama hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi. Respublika saylov qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha qator tavsiyalar berdi.

DIIHB direktori O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasining YeXHT Parlamentlararo assambleyasi faoliyatida faol ishtirok etishi muhimligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar yaqin muloqotni va hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.

N.Abduraimova, O‘zA