Mamlakatimizda faol “xalq diplomatiyasi” asosida xorijiy davlatlar bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “O‘zbekiston – AQSH” do‘stlik jamiyati ikki xalq o‘rtasida ta’lim, madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga yo‘naltirilgan umumiy maqsadlarni amalga oshirib kelayotir.

2017 yilda O‘zbekiston – AQSH” do‘stlik jamiyati a’zolarining yangi tarkibi tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalar kengayayotgani ilm-fan, ta’lim, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga katta turtki bermoqda. Ta’limda xalqaro standartlarni joriy etish, zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan o‘rtoqlashish shular jumlasidan.

O‘zbekiston – AQSH” do‘stlik jamiyati tashabbusi bilan o‘tgan yil may oyida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika institutida amerikalik talabalar uchun interaktiv darslar tashkil etildi, avgust oyida Urganch davlat universitetida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Tadbirlarda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Kaliforniya va San Diyego universitetlari professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilar, talabalari ishtirok etdi. Tajriba almashish amaliyotlarida xorijlik talabalar mamlakatimizning o‘ziga xos tarixi, madaniyati, rivojlanish istiqbollari va turli sohalarga oid qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Bu hamkorlik ikki tomonlama yo‘lga qo‘yilayotgani “O‘zbekiston – AQSH” do‘stlik jamiyatining uzoq kelajakka mo‘ljallangan intilishlarini aks ettiradi.

2017 yil oktyabr oyida AQSH va Kanadaning Buxoro yahudiylari kongressi tomonidan Nyu-York shahrida “O‘zbekiston rivojlanish islohotining yangi bosqichida” mavzuidagi xalqaro konferensiya tashkil etildi. Unda “O‘zbekiston – AQSH” do‘stlik jamiyati a’zolari ishtirok etib, jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan islohotlar haqidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Muzokaralar davomida mamlakatlarimiz hamkorligini yanada kengaytirish, ijtimoiy-gumanitar sohalardagi muloqotni faollashtirishning qat’iy tarafdori ekani qayd etildi. Joriy yil kuz oylarida AQSHda O‘zbekistondagi rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya va o‘zbek mumtoz musiqasiga oid “Shashmaqom forever” musiqiy kechasini tashkil qilishga kelishib olindi.

Shu yil 8 fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbekiston – AQSH” do‘stlik jamiyati, YUNЕSKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusida respublika ilmiy-amaliy xalqaro anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda xorijiy diplomatik korpus, milliy-madaniy markazlar rahbarlari, tilshunos va adabiyotshunos olimlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Navoiy ijodini o‘rganishga qiziqish yanada oshib borayotgani, asarlari olamshumul ahamiyatga ekani va butun dunyo Navoiy shaxsiga hurmat bajo etishining boisi u ilgari surgan g‘oyalar hech qachon eskirmasligida ekani e’tirof etildi.

“O‘zbekiston – AQSH” do‘stlik jamiyati o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, AQSHdagi fuqarolik hamjamiyati institutlari, xorijdagi vatandoshlar bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu jamiyatning o‘zgarmas va strategik rejasi – mamlakatimizning tinchliksevar siyosati, demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurish borasidagi O‘zbekiston pozitsiyasini, shuningdek, millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish tamoyiliga mosdir.

 
 
 
Shuhrat Sirojiddinov,
 
“O‘zbekiston – AQSH” do‘stlik jamiyati raisi,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat
o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori.

 

O‘zA