Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibiyati tomonidan tashkil etilgan “Islomda ayollar” xalqaro konferensiyada so‘zga chiqqan Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon bin Abdulloh ushbu muhim konferensiyaga tashrif buyurgani uchun delegatsiyalarga minnatdorlik bildirdi.
IHT Axborot agentliklari ittifoqi “UNA OIC” yozishicha, vazir anjumanda dolzarb masalalar ko‘tarilgani, xususan mintaqalardagi mojaro va qurolli to‘qnashuvlarda zaifalar duch keladigan zo‘ravonlik, qashshoqliq, qo‘rquv, farzandlari hayotini saqlash kabi turli muammolarni hal etish jahon hamjamiyatidan jiddiy choralar ko‘rishni talab qilishini ta’kidlagan.
– G‘azodagi falastinlik ayollar Isroil xalqaro qonunlarni, insonparvarlik tamoyilini uzluksiz buzishi natijasida tang ahvolga duchor bo‘layotgani, og‘ir sharoit minglab sog‘lom fikr sohiblarini larzaga solayotgani sir emas, – dedi u. – Bu xalqaro hamjamiyatning jim turishi, o‘z burchi va mas’uliyatini bajarishga befarqligi asnosida sodir bo‘lmoqda. Mintaqadagi keskinlashuvni tezroq bartaraf etish, begunoh bolalar nobud bo‘lishi, tinch aholi jabr ko‘rishini to‘xtatish, tezkor va to‘siqsiz insonparvarlik yordamini zudlik bilan kiritish ta’minlanishi zarur.
Falastin ayollari, butun xalq urush mashinasining qonunbuzarligi, insoniyatga qarshi jinoyati qurboniga aylanayotganini qirollik qattiq qoralashi bildirildi.
Shahzoda Faysal 1979 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaga to‘xtalib, qirollik “Nigoh-2030” doirasida xotin-qizlar imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha muhim qadam tashlagani, alal oqibat saudiyalik ayollarning turli sohalardagi maqomi hamda vakolati yuksalishini ta’kidladi.
TIV rahbari nutqi yakunida “Islomda ayollar huquqi bo‘yicha Jidda hujjati” nomli rasmiy bayonotni e’lon qilib, mazkur hujjat jamiyatda amaliy vakolatga erishishga hissa qo‘shadigan huquqiy, qonunchilikka oid va intellektual ma’lumotnoma bo‘lib qolishiga ishonch bildirdi.
Bangladesh Xalq Respublikasi Bosh vaziri Shayx Hasina Qirollikning ayollar mavqeini rag‘batlantirish bo‘yicha ilg‘or tashabbuslarini e’tirof etdi. U Bangladeshda ham xotin-qizlar ijtimoiy rivojlanishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatning oldingi safida ekanini ta’kidlab, hozir parlamentda 73 nafar ayol borligini ma’lum qildi. Isroil ishg‘oli tufayli G‘azoda ayollar va bolalarga nisbatan yuz berayotgan salbiy holatlarni qoralab, tomonlarni insonparvarlik himoyasi va yordamini ta’minlash, zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.
Anjumanda so‘z olgan Mavritaniya tashqi ishlar vaziri Muhammad Salim Merzug Saudiya rahbariyatining islomiy qadriyatga mos keladigan qonuniy huquq va erkinlikni himoya qilish, ijtimoiy xavfsizlikni mustahkamlash hamda totuvlik va integratsiyani rag‘batlantirishga sodiqligini yuqori baholadi. U qizlar ta’limiga rag‘bat ortib borayotgani tufayli ayollarning ijtimoiy hayotdagi ishtiroki yuksalayotganini e’tirof etdi.
IHT Bosh kotibi Husayn Ibrohim Taxa ushbu dolzarb konferensiya ayni vaqtda o‘tkazilayotgani bejiz emasligiga urg‘u berdi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA