Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammitida ishtirok etish uchun 9 noyabr kuni mamlakatimizga keldi.
Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Eslatib oʻtamiz, ushbu tadbirda Ozarbayjon, Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Pokiston, Tojikiston va Turkiyaning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) oʻn beshinchi sammiti Ashxobod shahrida boʻlib oʻtgan edi.
Oʻshanda davlatimiz rahbari besh yuz million nafardan ortiq aholi yashaydigan, ulkan bozorga ega boʻlgan mamlakatlarimizning savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish zarurligini alohida taʼkidlagan edi. Shuningdek, qabul qilingan “IHT istiqbollari – 2025” konseptual dasturi asosida, mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini yanada kengaytirish va eng muhimi, amaliy natijadorlikka erishish maqsadga muvofiqligi qayd etilgan.
Ikrom AVVALBOYEV,
Nosirjon HAYDAROV (surat), OʻzA