Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammitida ishtirok etish uchun 8 noyabr kuni mamlakatimizga keldi.

Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Tadbir kun tartibiga muvofiq, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda ushbu ko‘p tomonlama tuzilma faoliyatini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozim, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon yetakchisining taklifiga binoan 22 avgust kuni davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga borgan edi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stona aloqalar ko‘p yillik tarixga ega. Keyingi yillarda bu munosabatlar jadal rivojlanib bordi. Xususan, 2017 yildan keyin oliy darajadagi muloqotlar faollashdi. O‘zaro delegatsiyalar almashinuvi kuchaydi. Bu borada ikki mamlakat rahbarlari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ikrom AVVALBOEV, Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA