Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammitida ishtirok etish uchun 8 noyabr kuni mamlakatimizga keldi.

Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga yuqori darajada e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash o‘rinli.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilayotgani bugun o‘z natijasini bermoqda. Buni mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari sezilarli darajada o‘sganida ham ko‘rish mumkin. Joriy yilning 1 iyulidan boshlab Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi. Qo‘shma korxonalar soni ikki ming besh yuztadan oshib ketdi.

Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti ana shunday aloqalarning keng ko‘lamda, izchil davom etishida muhim ahamiyatga ega.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tadigan IHT samitida ishtirok etish uchun bunga qadar, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailov, Pokiston muvaqqat hukumati rahbari Anvar ul-Haq Kakar va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov poytaxtimizga yetib kelgan.

Ikrom AVVALBOEV, Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA