Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammitida ishtirok etish uchun 8 noyabr kuni mamlakatimizga keldi.

Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozim, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga bundan 38 yil avval asos solingan. Uning doimiy faoliyat yurituvchi kotibiyati Tehron shahrida joylashgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n beshinchi sammitida tarixi, dini, urf-odat va an’analari yaqin bo‘lgan birodar xalqlarimiz azaldan savdo-sotiq aloqalari va madaniy rishtalar bilan chambarchas bog‘langanligini ta’kidlagan edi. O‘zbekiston doimo IHT doirasida keng qamrovli aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidlab kelgan.

Darhaqiqat, bu tashkilot o‘tgan davr mobaynida ulkan iqtisodiy salohiyatga ega yirik mintaqaviy tuzilmaga aylandi.

 

Ikrom AVVALBOEV,

Nosirjon HAYDAROV

(surat), O‘zA