O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Sportchilarga sport unvonlari va sport razryadlarini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, sportchilarga sport unvonlari va sport razryadlarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Reglamentda:

sportchilarning sport turlari bo‘yicha sport unvonlari va sport razryadlarini olish uchun murojaat qilish tartibi; 

sport unvonlari va sport razryadlarini olish uchun ariza hamda hujjatlarni yuborish, ko‘rib chiqish va guvohnomani berish tartibi; 

sport unvonlari va sport razryadlarining amal qilish muddatini belgilash hamda qayta rasmiylashtirish tartibi belgilab berilgan. 

Qarorga ko‘ra, davlat xizmatidan foydalanish uchun jismoniy shaxslar faqat davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishlari lozim bo‘ladi.

Ma’muriy reglamentni amalda qo‘llashning samaradorligi va natijadorligini oshirishga yo‘naltirilgan o‘quv seminarlari tashkil etiladi.

2024 yil 1 yanvarga qadar: 

sportchilarga sport unvonlari va sport razryadlarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari YAIDXP orqali ko‘rsatilishi ta’minlanadi; 

sportchilarga sport unvonlari va sport razryadlarini berish bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish uchun davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP orqali ariza berish hamda 16 yoshga to‘lmagan ariza beruvchilar uchun YAIDXP orqali ularning ota-onasi yoki qonuniy vakili tomonidan ariza berish imkoniyati yaratiladi; 

YAIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibi joriy etiladi;

“ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimi YAIDXPga integratsiya qilinadi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatilishining belgilangan tartibi bajarilishi yuzasidan ularning faoliyati bo‘yicha, shu jumladan, YAIDXP orqali doimiy nazorat o‘rnatiladi.

Ma’muriy reglament talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy jazolar qo‘llaniladi.

O‘zA