Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Samarqand shahrining qadimiy obidalari bilan tanishdi.
Davlat rahbarlari dastlab Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyini borib ko‘rdi.
Ma’lumki, Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek Amir Temurning suyukli nabirasi bo‘lgan, ezgu ishlarini davom ettirgan. U ham hukmdor, ham olim sifatida ilm-fan va madaniyatni rivojlantirgan, bunyodkorlikka katta e’tibor qaratgan. O‘rta asrlardayoq noyob rasadxona barpo etib, osmon jismlarini juda aniq o‘rgangan.
Mirzo Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari dunyo astronomiyasida muhim qo‘llanma hisoblanadi. Uni Yevropa, jumladan, fransiyaliklar ham yaxshi bilishadi.
Xususan, fransuz astronomi Jozef-Nikolya Delil faoliyati davomida Mirzo Ulug‘bekning asarlarini o‘rgangan, “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarini lotin tiliga tarjima qildirgan. Delil 1739 yilda buyuk bobokalonimizning astronomiya jadvallari haqida nutq so‘zlagan. Ushbu nutqning matni hozirgacha saqlanib qolgan.
Bu kabi tarixiy ma’lumotlar ikki xalq aloqalarining tarixiy ildizlari qanchalik teranligini ko‘rsatadi.
Mehmonlar muzeyda Mirzo Ulug‘bek davriga oid ashyolar, kitoblar, qo‘lyozmalar, asl nusxadagi kvadrant asbobini ko‘zdan kechirdi.
Prezidentlar Amir Temur maqbarasiga borishdi.
Oliy martabali mehmonga buyuk Sohibqironning hayoti, harbiy mahorati, bunyodkorlik ishlari haqida so‘zlab berildi.
Amir Temur o‘z kuch va salohiyati bilan hukmdorlik darajasiga chiqqan, Hindistondan Yevropagacha bo‘lgan hududda barqaror davlat barpo etgan nodir shaxsdir. Sohibqironing harbiy yurishlari va diplomatiyasi uzoq o‘lkalarga ham katta ta’sir ko‘rsatgan. Yevropa qirollari Amir Temur davlatini tan olib, u bilan aloqa o‘rnatishga intilgan. Jumladan, Fransiya qiroli Sharl VI bobokalonimizga maktub yo‘llagan.
Shu bois ham butun dunyoda Amir Temur shaxsiga va temuriylar merosiga qiziqish katta. Jumladan, 1988 yilda Fransiyada Temuriylar tarixi va madaniyatini o‘rganuvchilar assotsiatsiyasi tuzilgan. Uning sobiq prezidenti, professor Lyusen Keren Amir Temur va temuriylar davrini ko‘p yillar davomida tadqiq etgani, Fransiya va O‘zbekiston xalqlari yaqinlashishiga katta hissa qo‘shgani uchun O‘zbekistonning “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
1996 yilda Parijdagi YUNESKO qarorgohida “Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va maorifning gullab-yashnashi” nomli ko‘rgazma bo‘lgan. O‘tgan yili davlatimiz rahbarining Fransiyaga tashrifi doirasida Luvr muzeyida tashkil etilgan “O‘zbekiston vohalarining mo‘’jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” ko‘rgazmasi katta voqea bo‘lgan edi. Unda temuriylar merosiga alohida o‘rin ajratildi.
Davlat rahbarlari Registon majmuasida ham bo‘ldi.
Ma’lumki, bu maskan Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalaridan iborat. Mirzo Ulug‘bek va Yalangto‘shbiy qurdirgan bu obidalar asrlar davomida ilm ahlini o‘ziga chorlab kelgan, yuzlab olimu fuzalolarga maktab bo‘lgan. Ajoyib simmetriya va me’moriy qiyofa kasb etgan majmua bugungi kunda Samarqandning “tashrif qog‘ozi”ga aylangan.
Mehmonlarga ajdodlarimizning me’morchilik an’analari, peshtoqlardagi naqshlar va ma’nolar haqida so‘zlab berildi.
So‘ng Prezidentlar Shohi Zindaga bordi. Bu majmua sahoba Qusam ibn Abbos va allomalarning maqbaralaridan iborat. Majmuaning tarixiy, madaniy va badiiy qimmati shundaki, u arxitektura va bezak san’atining bir necha asrlar davomida rivojlanishi haqida tasavvur beradi. Shohi Zinda 2001 yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Shu jihatlari bilan sayyohlarni hamisha o‘ziga jalb etadi.
Mehmonlar majmua darvozasi va maqbaralar tarixi bilan tanishdi, naqshlar nafisligini e’tirof etdi.
Umuman aytganda, Samarqand obidalari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.