Qozog‘istonning yetakchi davlat axborot uzatuvchisi – “Kazinform” xalqaro axborot agentligi tarqatgan so‘nggi xabarga ko‘ra, ayni paytgacha kecha fojia yuz bergan kon tubidan halok bo‘lgani aniqlangan 35 kishining 29 nafari jasadi olib chiqildi, 11 nafar konchi qidirilmoqda.

– Qutqaruv-qidiruv ishlariga “Harbiylashtirilgan professional qutqaruv-qidiruv xizmati Respublika markaziy shtabi” Qarag‘andi filialining 10 ta bo‘linmasi jalb qilingan, – deyiladi mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati axborotida. – Hodisaga sabab bo‘lgani aytilayotgan gaz bilan bog‘liq vaziyat nazoratga olingan.

Eslatib o‘tamiz, 28 oktyabr tungi soat 2.33 da Qarag‘andi viloyatida joylashgan “ArselorMittal Temirtau” kompaniyasiga qarashli Kostenko nomli kon portlagan. O‘sha on shaxtada bo‘lgan 252 kishidan 205 nafari yer yuzasiga olib chiqilgan.

Mazkur favqulodda hodisa bo‘yicha Bosh prokuratura jinoyat ishi ochib, surishtiruv boshladi. Dastlabki farazga ko‘ra, ya’ni kompaniya tomonidan taqdim qilingan axborotga qaraganda, ob’ektda metan gazi portlagan. Voqea joyida qutqaruvchilar ishlayapti, shtab tuzilgan.

Manzilga Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev yetib borgan. U halok bo‘lgan konchilarning oila a’zolari, yaqinlariga samimiy hamdardlik bildirdi. Davlat rahbari topshirig‘iga muvofiq, jabrdiydalarga har tomonlama yordam ko‘rsatiladi.

Bugun – 29 oktyabr – mamlakatda milliy motam.

Qosim-Jomart Toqayev imzolagan tegishli farmoyishda shunday so‘zlar bor:

– Qarag‘andi viloyatidagi I.A.Kostenko nomli konda yuz bergan fojia oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan 2023 yil 29 oktyabr umummilliy motam kuni, deb e’lon qilinsin.

Halokat oqibatlarini bartaraf eish maqsadida voqea joyida tashkil qilingan shtab ishiga mamlakat favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Sirim Sharipxanov bevosita rahbarlik qilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi Qarag‘andiga jabrlanganlarga maslahat yordami ko‘rsatish uchun yuqori malakali toksikolog, travmatolog-ortoped va neyroxirurgdan iborat maxsus guruhni jo‘natdi.

Bosh vazir Alixan Smailov boshchiligida avariya sababini aniqlash bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilgan. Shuningdek, hukumat “ArselorMittal Temirtau” AJ aksionerlari bilan muayyan dastlabki kelishuvga erishgani ma’lum bo‘ldi. Bitimga ko‘ra, ayni payt korxonaga mulkdorlik huquqini Qozog‘iston Respublikasiga o‘tkazish bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni nihoyasiga yetmoqda.

Prezident “ArselorMittal Temirtau” bilan investitsiyaviy hamkorlikni bekor qilish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan va ushbu kompaniyaga tegishli 8 ta kon faoliyati to‘xtatilgan.

Qarag‘andi viloyati akimi o‘rinbosari Vadim Basin “ArselorMittal Temirtau” ko‘mir departamenti rahbari etib tayinlangan.

Ko‘mir konida yuz bergan fojia munosabati bilan O‘zbekiston, Rossiya, Belarus, Qirg‘izistonFransiya Prezidentlari, shuningdek Turkiya TIV Qozog‘iston xalqiga hamdardlik bildirdi.

G‘.Xonnazarov tayyorladi.

O‘zA