Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni hududlar rivoji, aholi turmushi bilan tanishish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga keldi. Tashrif davomida sanoat korxonalari, ta’lim va tibbiyot muassasalari faoliyati, mahallalar hayoti bilan tanishildi.

Davlatimiz rahbari butun faoliyati davomida har bir soha bo‘yicha bevosita joylarga chiqib, xalq bilan muloqot qilib, aholi hayotidan kelib chiqib ish yuritadi. Mamlakatimiz hududlariga tashriflardan asosiy maqsad – qishloq aholisining turmush darajasini ko‘tarish, tumanlarni sanoatlashtirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash.

Bu jihatlar Qashqadaryo viloyatiga tashrifda ham namoyon. Davlatimiz rahbari dastlab “Sulton Tex Group” klasterining to‘qimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Bu korxona umumiy qiymati 8 million 200 ming dollarlik loyiha evaziga o‘tgan yili ishga tushgan. Zamonaviy texnologiya va uskunalar samarasida yiliga 5 million dona tikuv-trikotaj mahsulotlari tayyorlash quvvati yaratilgan.

E’tiborlisi, klaster “yangi mahsulot – yangi davlat” prinsipi asosida eksportni yo‘lga qo‘ygan. Bugungi kunda sifatli tovarlar Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, Polsha, Singapur, Rossiya kabi mamlakatlarga to‘liq eksport qilinmoqda. Daromad, ish unumdorligi ham shunga yarasha yuqori. Klasterda paxta yetishtirish va ishlab chiqarishning to‘liq zanjirida 3 mingga yaqin aholi mehnat qilmoqda.

Prezident korxonadagi ish jarayoni bilan tanishdi. Bunday loyihalarning viloyat iqtisodiyoti va aholi bandligidagi ahamiyati haqida fikr bildirildi. Mutasaddilarga bu sohada imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

– Aholi, ayniqsa, qishloq joylardagi odamlarga munosib turmush sharoitlari yaratish islohotlarimizning asosi bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, eng ko‘p paxta Qashqadaryo viloyatida yetishtiriladi. Lekin uni qayta ishlash, tayyor mahsulotga aylantirish hajmi kam. Masalan, mato to‘qish va bo‘yash yo‘lga qo‘yilsa, tumanlarda qo‘shimcha 60 ming kishini band qilish mumkin.

Shu maqsadda “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi “Sulton styles” korxonasida ham tatbiq etilmoqda. Amaliy monomarkaz tashkil etilib, ishsiz aholini to‘qimachilik kasbiga o‘rgatish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu jarayon ikki bosqichli bo‘lib, avval xotin-qizlarga korxonadagi texnologiya va asbob-uskunalardan foydalanish, mehnat xavfsizligi qoidalari o‘rgatiladi. Keyingi bosqichda ular murabbiylarga biriktirilib, bevosita ish o‘rinlarida amaliy bilim va ko‘nikmalarni egallaydi.

Shu yerda davlatimiz rahbariga Shahrisabz, Kitob va Qamashi tumanlarida turizmni rivojlantirish loyihalari taqdimot qilindi. Qishloqlarda infratuzilmani yaxshilab, sayyohlik yo‘nalishlariga kiritib, aholi uchun daromad manbalarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari tashrif chog‘ida rejadan tashqari tarzda Qarshi tumani tibbiyot birlashmasiga bordi.

Uning binosi o‘tgan asrning 60-70 yillarida qurilgan. Shifoxona 228 bemor o‘rniga va poliklinika 250 qatnovga mo‘ljallangan. Hozirda tumandagi 243 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. Lekin bu yerdagi sharoitlar shuncha qamrov va zamon talabiga mos emas. Ayrim jihozlarni yangilashga zarurat bor.

Prezidentimiz tibbiy bo‘limlar va xonalarga kirib, asl ahvolni ko‘zdan kechirdi. Bu yerga kelgan bemorlar bilan suhbatlashdi.

– Bugun Qashqadaryoga kelishimizdan maqsad viloyatning uch yarim millionlik aholisi turmush sharoitini yaxshilash, og‘irini yengil qilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish. Yo‘ldan o‘tib ketayotib, shifoxona qanday ekan, deb kirdim. Holatni o‘zim ko‘rib, oddiy odamlar bilan ko‘proq muloqot qilib, qaror qabul qilish – mening eng katta maqsad-muddaom. Avval ham aytganimdek, ta’lim bilan tibbiyot sifatli bo‘lsa, odamlar rozi bo‘ladi. Ko‘p joylarda shifoxonalarni yaxshi qildik. Lekin Qarshi tumanidagi sharoit menga ma’qul emas. Bugun ko‘rganlarimdan xulosa qilib, bu yerda yangi shifoxona quramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga bo‘lajak majmua o‘rni va loyihasi bo‘yicha taklif kiritish vazifasi qo‘yildi. Kelgusida u eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi va dori vositalari bilan bepul ta’minlanadi. Tuman tibbiyot birlashmasida ishlaydigan bir guruh shifokor va hamshiralar xorijga malaka oshirishga yuboriladi. Shu tariqa bu maskan boshqa tuman shifoxonalari xodimlari uchun o‘quv-amaliyot markaziga aylanadi.

Shuningdek, tashrif chog‘ida kadrlar salohiyatini va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, shifoxona atrofini tartibga keltirish masalalari ham aytib o‘tildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev safar dasturida nazarda tutilmagan manzillar bilan tanishishda davom etdi. Qarshi tumani markazi – Beshkent shahridagi 12-maktab ham rejalashtirilmagan holda borib ko‘rildi.

Bu yerda ayni paytda 1 ming 400 ga yaqin o‘g‘il-qiz o‘qimoqda. Ularga yuzdan ortiq malakali pedagog ta’lim bermoqda. Maktab o‘tgan yili kapital ta’mirlangan. O‘quvchilarga bitta kasb-hunar va ikkita xorijiy tilni o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan. Kompyuter savodxonligi, tikuvchilik, duradgorlik kabi to‘garaklar bor.

Davlatimiz rahbari sinfxonalarni kirib ko‘rdi, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi. Maktab sharoitlari, darsliklar sifati bilan qiziqdi.

Ayni kunlarda yurtimizda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va ko‘chat ekish avjida. Prezidentimiz maktab misolida bu boradagi ishlarni ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilarga ijtimoiy muassasalarni issiqlik bilan ta’minlash, energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. O‘z navbatida, maktablarning qurilish standartlarini zamonaviylashtirish, bunda infratuzilma bilan ta’minlanganlik, funksionallik va energiya samaradorligi bilan bog‘liq barcha mezonlarni nazarda tutish zarurligi ta’kidlandi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida maktablar atrofida ko‘chat ekish ishlariga ham e’tibor qaratildi.

– Maktab bor joyda madaniyat bo‘ladi. Pedagoglar boshqalarga har jihatdan o‘rnak. Maktab atrofi obod bo‘lib, mavsumiy gullar yashnab tursa, yoshlarga ham tarbiya, ham da’vat bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi davomida Qarshi shahridagi Oydin mahallasida bo‘lib, aholi turmushi, hududdagi obodlik va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bilan yaqindan tanishdi.

Bu yerda 11 mingga yaqin aholi yashaydi. Hududda ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti, bitta umumta’lim maktabi mavjud. Joriy yilda yana uchta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi.

Mahallada xizmat ko‘rsatish sohasi, tikuvchilik va hunarmandchilik yaxshi rivojlangan. Xususan, yigirmaga yaqin savdo do‘koni, sartaroshxona, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va boshqa turdagi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritmoqda. Ularda mahalliy aholi, xususan, yoshlar ish bilan band.

Joriy yilda mahalladagi ikki yuz nafardan ortiq ishsiz aholi doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirildi. Yana qariyb shuncha fuqaro “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa nodavlat ta’lim muassasalari orqali o‘qitildi. Ularning 191 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ish boshlagan.

Mahalla faollari Prezidentga hududdagi o‘zgarishlar, odamlar hayoti haqida so‘zlab berdi. Bu yerdagi ko‘p qavatli uylarda ilgari to‘rtta og‘ir toifadagi shirkat bo‘lgan. Kommunal xizmatlarda muammolar ko‘p edi. “Oydin boshqaruv servis kompaniyasi” tashkil etilib, xizmat sifati yaxshilandi.

Kuz-qish mavsumi oldidan ko‘p qavatli uylarda zarur choralar ko‘rildi. Xususan, o‘nta uyning tomi, yuzdan ortiq yo‘laklar ta’mirlandi, issiqlik quvurlari izolyatsiya qilindi.

Hudud ko‘kalamzorlashtirilgan. “Yashil makon” loyihasi doirasida olti ming tupdan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazilgan. Ko‘chalar asfaltlangan, yoritgichlar o‘rnatilgan. Ikki kilometrlik piyodalar yo‘lakchasi tashkil etilgan.

Qarshi shahri mas’ullari, mahalla “yettiligi” hududda amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdi.

Ma’lumki, yurtimizda barcha ijtimoiy chora-tadbirlar mahallalarda, xalq bilan birgalikda tashkil qilinmoqda. Bu tizim bosqichma-bosqich rivojlantirilib, endi yanada keng vakolat va imkoniyatlar berilmoqda. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat tizimga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham qo‘shilib, “mahalla yettiligi” joriy etilmoqda. Kelgusi yildan “Mahalla byudjeti” tizimi to‘liq joriy qilinadi. Bu – har bir mahallaning 100 million so‘mgacha mablag‘i bo‘ladi, degani. Shuningdek, amaldagi uchta platforma – “Onlayn mahalla”, “Xotin-qizlar”, “Yoshlar portali” o‘zaro integratsiya qilinib, yagona tizimda mujassamlashtiriladi.

Prezidentimiz mazkur tizimni samarali ishlatish, bunday keng vakolat va mablag‘lardan foydalanib, mahalladagi dolzarb muammolarni hal qilish zarurligini ta’kidladi. Aholini tadbirkorlikka, xotin-qizlarni kasb-hunarlarga jalb etib, daromadini oshirish, yoshlar uchun madaniy tadbirlar, musobaqalar tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari mahalladagi 11-uyda yashovchi Dilshod Nabiyev xonadonida mehmon bo‘ldi. Oila boshlig‘i xususiy tadbirkor. Turmush o‘rtog‘i Hurriyatxon bilan ikki farzandni voyaga yetkazmoqda. Ular tadbirkorlik faoliyati, bolalarga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi.

Prezident mahallaning yangi markazi – mahalla guzari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ko‘zdan kechirdi. Shu yerda nuroniylar bilan muloqot bo‘ldi.

Qarshi shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filiali barpo etildi. Prezident tashrif chog‘ida ushbu muassasani borib ko‘rdi.

Joriy yil 8 sentyabrda davlatimiz rahbarining “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi, Respublika Ona va bola skrining markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga aylantirilmoqda. Shuningdek, qarorda mazkur markazning 14 ta hududiy filiallari tashkil etilishi belgilangan.

Ushbu muassasa hamma talablarga javob beradigan dastlabki shunday markazlardan biri.

Qariyb to‘rt gektarlik hududda to‘rt qavatli zamonaviy binolar barpo etilgan. Barcha bo‘limlar eng so‘nggi rusumdagi ilg‘or texnika va uskunalar bilan jihozlangan. Yurtimizda viloyatlar miqyosida hali bunday ulkan va zamonaviy tibbiyot markazi yo‘q, deyish mumkin.

Bu yerda 200 o‘rinli viloyat perinatal markazi, 200 o‘rinli shahar tug‘ruqxonasi, 50 qatnovli skrining markazi va 50 qatnovli reproduktiv markaz yagona majmuada jamlandi. Tug‘ish yoshidagi hamda homilador ayollarga tug‘ruq va tug‘ruqdan keyingi davrlarda bitta markazda ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoni yaratildi. Markaz ishga tushgach, bu yerda bir yarim ming nafar tibbiyot xodimi faoliyat olib boradi.

Davlatimiz rahbari markazdagi sharoit va qulayliklar bilan tanishdi. Germaniya, Belarus va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik doirasida shifokorlarning malakasini oshirish, markazda profilaktika va davolashning ilg‘or uslublarini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Kelgusida bu yerda yiliga 8 ming nafardan ziyod patologik tug‘ruqlarni qabul qilish imkoni yaratiladi. Bu ko‘plab onalar hayotini saqlashda muhim.

Markazda, shuningdek, kaminvaziv va laparoskopik amaliyot turlari 42 taga yetkaziladi. Tubektomiya, kistoektomiya, miomoektomiya va ventrofiksatsiya amaliyotlari yo‘lga qo‘yiladi. O‘smir qizlar, ayollarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom onalikka tayyorlashdan boshlab, homiladorlikda antenatal parvarish, skrining, tug‘ruq hamda keyingi ona va bola parvarishi jarayonlari bir joyning o‘zida tashkil etiladi.

Markaz 860 dan ortiq mahalla doyalari bilan muntazam aloqada bo‘ladi. Yagona elektron baza orqali viloyatning barcha hududlaridagi homiladorlar va tug‘ish yoshidagi ayollar qamrab olinadi. O‘n yettita markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika tarkibidagi ayollar maslahatxonasi va o‘n sakkizta tug‘ruq majmuasi bilan aloqa o‘rnatiladi.

Bu orqali markaz xavf omillari aniqlangan ayollarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadi, ularni davolaydi hamda zarur hollarda respublika darajasidagi tibbiyot muassasalariga yo‘naltiradi. Nikohlanuvchilar, homilador va tug‘ish yoshidagi ayollar hamda chaqaloqlarni molekulyar tibbiy-genetik tekshiruvlardan o‘tkazadi. Irsiy kasalliklar aniqlangan bolalarni maxsus dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlaydi.

Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ketmoqda. Kommunal tarmoqlar qayta ko‘rib chiqilib, issiqlik korxonalari modernizatsiya qilinmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi davomida viloyat “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasining Qarshi shahrida yangidan bunyod etilgan markaziy qozonxonasini borib ko‘rdi.

Ushbu majmua 12 Gkal quvvatga ega. Bu yerga Turkiyadan keltirilgan 14 MVtli uchta qozon o‘rnatildi. Buning evaziga yiliga 1,7 million kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish imkoniyati yaratildi.

Markaz qurilishi jarayonida hududga olti kilometr qoplamali quvur tortildi. Issiqlik tarmoqlari yopiq tizimga o‘tkazildi va yo‘qotishlardan himoya qilindi.

Ushbu majmuaning foydalanishga topshirilishi 38 ta ko‘p qavatli uydagi bir yarim mingdan ziyod xonadon hamda uchta ijtimoiy ob’ektni issiq suv va issiqlik bilan ta’minlaydi.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga qishga tayyorgarlik ishlarini sifatli bajarib, energiya va issiqlik ta’minotini barqaror qilish, energiya tejamkorlik madaniyatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu majmua joylashgan Navo mahallasini ham ko‘zdan kechirib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidentining Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘lmas BAROTOV,

O‘zA muxbirlari