Bugun, 18 oktyabr kuni Xitoy poytaxti Pekin shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumi doirasida sammitga kelgan delegatsiyalar rahbarlarining rafiqalari ishtirokidagi tadbirlar ham bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva Xitoy Xalq Respublikasi Raisining rafiqasi Pen Liyuan hamrohligida hamda boshqa delegatsiyalar rahbarlarining rafiqalari bilan birgalikda Xitoy san’at va hunarmandchilik milliy muzeyiga tashrif buyurdi.
Bu muzeyga 1990 yilda asos solingan, 2021 yilda uning uchun yangi bino barpo etilgan. Muzey Xitoyning qadimiy va hozirgi amaliy hunarmandchiligining turli yo‘nalishlarini o‘zida ifoda etadi. Jumladan, bu yerda badiiy kulolchilik, kashtachilik, fil suyagi, nefrit, yog‘och va tosh o‘ymakorligi, tilla, kumush va misdan yasalgan zargarlik buyumlari, rasmli vazalar va xalq buyumlarining boy kolleksiyasi mavjud.
Prezidentimizning rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva birinchi xonimlar bilan birga ushbu eksponatlarni ko‘zdan kechirdi. Ularga Xitoy hunarmandchiligi tarixi, buyumlarda ifodalangan naqshlar va ramzlar haqida so‘zlab berildi.
Shundan so‘ng xonimlar Xitoy xalq operasi namunalaridan iborat konsert dasturini tomosha qilishdi. Unda tabiat go‘zalligi, tinchlik va ezgulik, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik tuyg‘ulari nafis kuy va raqslar uyg‘unligida ifodalandi.
Birinchi xonimlar konsert ijrochilari bilan birga suratlarga tushdi.
Uchrashuv har doimgidek iliq va samimiy muhitda o‘tdi.
O‘zA