Aerofazoviy va harbiy texnika namoyish qilinadigan xalqaro “ADEX-2023” ko‘rgazmasi Sonnam shahridagi aviatsiya qo‘nalg‘assida ochiladi. Tashkilotchilar ma’lum qilishicha, bu yilgi anjuman ishtirokchi kompaniyalar, stendlar va mehmonlar soniga ko‘ra eng yirik tadbirga aylanishi kutilyapti.

Ilk bor 1996 yil bo‘lib o‘tgan, shundan buyon har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan “ADEX” bu gal 35 mamlakatdan 550 kompaniyani to‘playdi. Janubiy Koreyaning 347 korxonasi orasida “Hyundai Rotem”, “Hanwha”, “KAI” (Korea Aerospace Industries) kabi taniqli brendlar bor.

Rejaga muvofiq, tadbirni bevosita tomosha qiluvchilar 300 ming kishiga yetadi. Avvalgi ko‘rgazmaga 120 ming kishi kelgan.

Ko‘rgazmada turli aviatsiya texnikasi, jumladan zamonaviy qiruvchi samolyot, vertolyot, uchuvchisiz uchar qurilmalar namoyish qilinadi. Jamoatchilik Koreya Respublikasida ishlab chiqarilgan ilk qiruvchi samolyot – “KF-21” parvoziga ham guvoh bo‘ladi. Bundan tashqari, Amerikaning dushman sezmaydigan “F-22 Raptor” qiruvchi samolyoti, radio elektron kurash samolyoti “EA-18G Growler”, “F-35A”, “F-16”, “F-15K” qiruvchi samolyotlari, razvedkachi samolyot “U-2”, “A-10” va “FA-50” hujum samolyoti ham namoyish qilinadi. Mehmonlar “AH-64E Apache” va “CH-47D Chinook” vertolyotlarini yonidan turib kuzatish imkoniga ega bo‘ladilar.

Janubiy Koreya o‘zining “K2” tanki hamda o‘zi yuradigan “K9A1” zambarak qurilmasini mutaxassislar hukmiga havola qilishni rejalashtirgan. Xullas, ko‘rgazmaga havoda va yerda harakatlanadigan qurollarning 100 dan ortiq namunasi taqdim etilgan.

S.Rahimov,

O‘zA