Xitoy “Kamar va yo‘l”ni birgalikda qurish – yagona insoniyat hamjamiyatini shakllantirishning muhim amaliyoti” nomli oq kitobni e’lon qildi.

“Sinxua” agentligi yozishicha, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi matbuot devoni tomonidan tayyorlangan mazkur asarda “Kamar va yo‘l” tashabbusining tamoyili, konsepsiyasi, maqsadi va istiqboli bayon qilingan. Shu orqali barcha mamlakatlarga nafaqat konseptual asoslar, balki birgalikda rivojlanish va taraqqiyotga erishishning amaliy yo‘llari ham taqdim etilgan.

Kitobda “Kamar va yo‘l” loyihasi umumiy maslahatlashuv, birgalikda bunyod etish va foydalanish tamoyiliga asoslangani, barcha mamlakatlar yagona maqsadga hissa qo‘shib, shunga yarasha foyda oladigan teng huquqli a’zo ekani ta’kidlangan. Tashabbus iqtisodiy integratsiyani, birgalikda rivojlanish va yutuqlarni baham ko‘rishni qo‘llab-quvvatlaydi. Hamkorlik darajasini oshirish, samarali investitsiya, sifatli yetkazib berish, barqaror taraqqiyot orqali farovon hayotga, oliy standartga erishishni ko‘zlaydi, barcha ishtirokchilar uchun aniq va samarali natijalarni ta’minlaydi.