Afg‘oniston g‘arbida yuz bergan fojiali zilzila qurbonlari soni ikki ming nafardan oshdi, deya xabar berdi Assoshieyted Press agentligi.

Kecha Hirot shahridan taxminan 40 kilometr shimoli-g‘arbda 6,3 magnitudali kuchli yer silkinishi yuzlab odamlar vayronalar ostida qolishiga sabab bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, 465 uy vayron bo‘lgan, yana 135 xonadon zarar ko‘rgan.

Eng yomoni: BMT vayronalar ostida hali ham odamlar borligini aytmoqda. So‘nggi 20 yilda sodir bo‘lgan eng halokatli tabiiy ofat olti qishloqni butunlay vayronaga aylantirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil iyunda Afg‘oniston sharqida ro‘y bergan kuchli zilzila oqibatida ming kishi hayotdan ko‘z yumgan, 1500 odam yaralangan edi.

Bugun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqdi. Afg‘onistonning g‘arbiy viloyatlarida ko‘plab insonlarning halok bo‘lishi va keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga olib kelgan zilzila haqidagi xabar O‘zbekistonda chuqur qayg‘u bilan qabul qilindi.

 

B.Xudoyberdiyev tayyorladi.