Har yil 1 oktyabrdan boshlab Xitoyning asosiy davlat bayrami – “Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgan kun” keng nishonlanadi. 1949 yil ayni shu sanada Pekindagi Tyananmen maydonida bo‘lib o‘tgan mitingda XXR tashkil topgani e’lon qilingan. 2 oktyabrda esa markaziy hukumat oyning birinchi kunini milliy bayram sifatida nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
XXR milliy bayrami besh kun shodiyona sifatida nishonlanishi yaxshi an’anaga aylangan. Mazkur hafta Xitoyda “Oltin hafta” deyiladi. Poytaxt markaziy maydonidagi xalq sayli kechqurun mushakbozlikka aylanadi.
Shu kunlarda jonajon Xitoydagi barcha shaharlar gulga burkangan. Ko‘chadagi har bir odam ko‘zida millatga nisbatan faxr-iftixor tuyg‘usi zohir. Mamlakatda muammolar unut bo‘lgan bu kunlarni O‘zbekistondagi bir oycha oldingi ssenariy bilan solishtirish mumkin. Men ikki xalq qalbida ham mustaqillik tuyg‘usi jo‘sh urgan damlarni nazarda tutyapman.
Xitoyda mazkur bayramni tomosha qilish istagida bo‘lgan xorijlik sayyohlar uchun turizm sohasi vakillari xilma-xil dasturlar taklif etishayotgan emish. Demak, bayram bahona mamlakat sayyohlik salohiyati namoyish etiladi.
Umuman, O‘zbekistonning yaqin hamkori – Xitoy mamlakat tashkil topgan tarixiy sanada bir emas, bir necha kun davomida qiziqarli dasturlar rang-barangligi, yirik tashkilotlar vakillari, davlatlar rahbarlari tashriflari orqali yanada jozibadorlikni saqlashga intilmoqda.
Har qanday yurt tinchliksevar xalqi, odamlari bilan fayzli. Insonlar kun kechirayotgan zamin har vaqt tinch, osuda, ozoda bo‘lmog‘i lozim. Demak, muayyan mamlakat fuqarolari qadr-qimmati, sha’ni va huquqini ta’minlash, ularga shart-sharoit yaratib berishni eng oliy burch, deb bilishi tabiiy. Shunday qudratli va jannatmonand diyorni barpo eta olgan Xitoy kuch-quvvati, irodasini namoyon etib, davlat tashkil topgan kunni butun dunyo miqyosida madaniy-ma’rifiy dasturlarga boy tarzda kutib oldi.
Bugun O‘zbekiston har tomonlama taraqqiy etayotgan, butun dunyo nigohida turgan Xitoy bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. Shunday ekan, ushbu mamlakat milliy bayrami O‘zbekistonda ham tantana qilinishi tabiiy hol.
Toshkentda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilganining 74 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi o‘tkazildi. Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan uyushtirilgan tadbirda yurtimizdagi xorijiy mamlakatlar diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, ilm-fan, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etdi. Marosimda O‘zbekiston hukumati nomidan Bosh vazir Abdulla Aripov qatnashdi.
XXRning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun Rais Si Szinpin va Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona rahbarligi ostida Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari yuksak darajada rivojlanayotganini ta’kidladi. Ikki tomon bir-birini asosiy manfaatlarga taalluqli masalalarda qizg‘in qo‘llab-quvvatlashi e’tirof etildi.
Qayd etish joiz, mamlakatlarimiz yondashumi islohotlarni, ochiqlik siyosatini chuqurlashtirish, iqtisodiyot rivojini tezlashtirish, aholi hayotini yanada farovonlashtirish borasida mushtarak. Ikki davlat birgalikda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida ko‘zlangan maqsad sari dadil odimlamoqda. Eng muhimi, oxirgi yillarda Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkori va asosiy investitsiya manbasiga aylandi.
Ikki tomonlama yillik savdo miqdorini 10 milliard dollardan oshirish belgilangan. Energetika, transport, dehqonchilik, ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi izchil hamkorlik mazkur ko‘rsatkichni tobora yaqinlashtirmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya, “yashil” taraqqiyot, kambag‘allikni kamaytirish sohalarda yangi marralar ko‘zlangan.
Xitoy elchisi, shuningdek, madaniy-gumanitar jabhada ham hamkorlik samarali kechayotganini mamnuniyat ila qayd etib, Xitoy O‘zbekiston bilan an’anaviy do‘stlik va strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishdan hamisha manfaatdorligini tasdiqladi.
– Xitoy O‘zbekiston bilan qo‘lni qo‘lga berib, astoydil ishlashga tayyor, ikki davlat rahbarlarining muhim kelishuvlarini sidqidildan amalga oshiradi, – dedi janob Yuy Szyun. – Tarixiy imkoniyatdan foydalanib, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini “Yangi O‘zbekiston”ni barpo etish g‘oyasi bilan bir nuqtada tutashtirsak, mamlakatlarimiz va halqlarimiz yanada go‘zal kelajakka yonma-yon qadam qo‘yadi.
Ikki soatdan ziyod davom etgan qabul marosimida bayramona, iliq va do‘stona munosabat hukm surdi. Mehmonlar Xitoyning keyingi o‘n yillik taraqqiyoti davomida erishilgan yutuqlardan voqif bo‘lishdi, ikki tomonlama munosabat rivojiga bag‘ishlangan videolavhani tomosha qilishdi, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini birgalikda qurish doirasidagi Xitoy – O‘zbekiston amaliy hamkorligi yutuqlari ko‘rgazmasi bilan tanishdilar. “So‘g‘diyona” xalq cholg‘u asboblari orkestri ijrosidagi Xitoy mumtoz musiqasi namunalari, o‘zbek bolalari bajargan Xitoy jang san’ati usullari namoyishi barchani xushnud etdi.
Qisqa qilib aytganda, O‘zbekiston Xitoy tomonidan ilgari surilgan xalqaro munosabatlarning yangi turini yaratish, insoniyat taqdiri yo‘lida mushtarak hamjamiyat barpo etishga qaratilgan “Global xavfsizlik tashabbusi” va “Global taraqqiyot tashabbusi”ni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday yondashuv, ayniqsa, XXR milliy bayrami nishonlangan kunlarda yaqqqol namoyon bo‘ldi.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.