O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin muzokaralardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazdilar.

Davlatimiz rahbari Rossiya Prezidenti va xalqiga samimiy qabul va iliq mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Yetakchilar sezmazmun muzokara o‘tkazganlari, ularda O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarining barcha yo‘nalishlari batafsil muhokama qilingani, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbollari belgilab olinganini ta’kidladilar. Ikki tomonlama ko‘p qirrali hamkorlik yuqori sur’atda ekanini, barcha sohalarda salmoqli natijalarga erishilayotganini qayd etdilar.

O‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni yangi marralarga yetkazish borasidagi intilish qat’iy ekani tasdiqlandi.

O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikda nafaqat miqdoriy ko‘rsatkichlar barqaror o‘sib borayotgani, balki sifat jihatidan o‘zgarishlar ro‘y berganiga e’tibor qaratdi. Xususan, ilgari o‘zaro tovar ayirboshlash tarkibining aksariyatini xomashyo tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda savdoning 70 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Investitsiya sohasida ham yengil va kimyo sanoati, avtomobilsozlik va mashinasozlik, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika tarmoqlarida innovatsion loyihalar salmog‘i ortib borayotgani kuzatilmoqda.

Rossiyada mehnat qilayotgan fuqarolarimizga ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Rossiya fuqarolari orasida O‘zbekistonning turistik jozibadorligi oshayotgani qayd etildi. Rossiyalik sayyohlar oqimi yil boshidan buyon 20 foizga oshgani ko‘rsatib o‘tildi.

Tomonlar 2024-2025 yillarda Madaniyat, san’at va adabiyot kunlarini o‘zaro tashkil etishga kelishib oldilar.

Madaniyat, ta’lim va tibbiyot sohalarida ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish muhimligi aytildi.

Prezidentlar an’anaviy va yangi tahdid va xatarlarga, eng avvalo, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurashish masalalari diqqat markazida qolayotganini ta’kidladilar.

Tomonlar erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirishga, O‘zbekiston va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.