Oq uy noyabr oyida Kaliforniyada AQSH Prezidenti Jo Baydenning Xitoy yetakchisi Si Szinpin bilan uchrashuvini uyushtirishga kirishdi. Bu haqda “The Washington Post” nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, amerikalik siyosatchilar AQSH va XXR yetakchilarining ehtimoliy bevosita muloqotini “rejalash jarayonini boshlab yuborgan”. Tadbir noyabr oyida San-Fransiskoda o‘tishi mumkin.
Gazetaning boshqa manbasi ta’kidlashicha, Bayden xitoylik hamkasbi bilan uchrashishi mumkinligini bildirib, “bu haqda hali hech qanday tasdiq yo‘q”ligini qo‘shimcha qilgan.
Keyingi oy San-Fransiskoda Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti bo‘lib o‘tadi. Aynan ushbu anjuman doirasida Bayden va Szinpin uchrashuvi tashkil etilishi mumkinligiga urg‘u berilyapti.