Ijtimoiy tarmoqlarda «Benzonal» dori vositasining taqchilligi bo‘yicha turli xabarlar tarqalmoqda. Ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi quyidagilarni ma’lum qildi.

«Benzonal» (xalqaro patentlanmagan nomi – benzobarbital) preparati vrach retsepti asosida beriladigan dori vositasi hisoblanadi. U kelib chiqishi turli bo‘lgan, shu jumladan fokal va jekson xurujlari hollarida, shuningdek, tutqanoqning talvasali shakllarini davolashda qo‘llanadi.

Yurtimizda tarkibida benzobarbital moddasini saqlovchi 6 nomdagi (3 ta xorijiy va 3 ta mahalliy) dori vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, ulardan tibbiyot amaliyotida foydalanishga ruxsat berilgan.

Jumladan, Rossiyaning «Usole-Sibirskiy ximfarmzavod», «TatXimFarmPreparati» hamda Armanistonning «Arpimed» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Benzonal» savdo nomidagi, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz «Neogalenpharm», «Remedy Group» va «Merrymed Farm» kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan «Benzonal-NGP», «Benzonal-RG», «Mer Benzonal» savdo nomidagi dori vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi «Benzonal» dori vositasini erkin muomalaga chiqarilishida hech qanday to‘siq va cheklovlar yo‘qligini ma’lum qilib, mazkur preparatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va sertifikatlashda mahalliy va chet el ishlab chiqaruvchilariga o‘z vakolati doirasida qonunchilikda belgilangan tartibda yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirmoqda.

Ta’kidlanishicha, ayni kunlarda aholining ushbu dori vositasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

M.Qosimova tayyorladi.
O‘zA