6 oktyabrda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida milliy taomlar sayli o‘tkaziladi.

Sina qishlog‘ida bo‘lib o‘tadigan sayilda shahar va tumanlarning milliy uslubda bezatilgan pavilonlari tashkil etilib, vohaning hududlariga xos tansiq taomlar ko‘rgazmasi, mohir pazandalarning turli taomlar tayyorlash bilan bog‘liq uslub, udum va an’analari keng namoyish etiladi.

Denov tumani o‘zining boy tarixi, arxeologik yodgorliklari, muqaddas ziyoratgohlari, so‘lim tabiati bilan sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otib keladi. “Budrachtepa”, “Xolchayon”, “Denov qal’a”si kabi arxeologik yodgorliklari, Xo‘ja Alovuddin Attor ziyoratgohi, Said Otaliq madrasasi bilan tanilgan.

– Osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi Sina qishlog‘i ichki va tashqi turizmni keng rivojlantirish uchun katta imkoniyatga ega, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev. – Qadimiy bu go‘sha nafaqat go‘zal tabiat manzaralari, balki “Sumbula” tabiat mo‘’jizasi, Xo‘ja Barkuh, Xo‘ja Hisor kabi ziyoratgohlari bilan mahalliy va xorijlik sayyohlarni maftun etadi. Tog‘li qishloq milliy urf-odat va an’analari, mehmondo‘st odamlari esa o‘zining pazandaligi bilan ham shuhrat topgan. Milliy taomlar saylining bu qishloqda o‘tkazilishi hududga turistlar oqimini yanada ko‘paytirishga, vohaning etnik sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishishga xizmat qiladi.

Sayil doirasida folklor etnografik jamoalar, milliy cholg‘u guruhlari va yosh san’atkorlarning chiqishlari, an’anaviy xalq o‘yinlari bo‘yicha turli musobaqalar tashkil etiladi. Jurnalistlar uchun hududning turistik obektlariga press-tur uyushtiriladi. “Eng yaxshi milliy taom”, “Eng yaxshi oshpaz” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, diplom, maxsus statuetka va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri