Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida taniqli tadbirkor Qutlimurat Panayev bilan talaba-yoshlarning uchrashuvi bo‘ldi.
Tadbirkor muloqot davomida talaba-yoshlarga mamlakatimizda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor, soha xodimlariga yaratilib berilayotgan shart-sharoit, imtiyozlarga to‘xtaldi. O‘zi rahbarlik qilayotgan “Panaev Farms” chorvachilik korxonasi faoliyati, u yerda xorijdan keltirilgan naslli qoramollarning parvarishi, olinayotgan mahsulotlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
– Biznesda ham ilm-fan va mehnat kerak, – deydi Q.Panayev. – Har ikkalasining uyg‘unligi o‘zining samarali natijasini beradi. Shuning uchun ham bugungi kunda veterinariya va chorvachilik sohasi avvalgi yillardan tubdan farq qilib, davr talabi asosida taraqqiy qilmoqda. Shunga yarasha bilimli kadrlarga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda.
Muloqot davomida tadbirkor o‘z mutaxassisligini yaxshi o‘zlashtirib kelayotgan talaba-yoshlarga yuqori maoshli ish taklif qildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan mavzular yuzasidan tegishli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri