Qo‘shma Shtatlar Xitoyni ushlab turish uchun Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi tinchlik, barqarorlikka tahdid soladigan nizolarni kuchaytirmoqda, deb bayonot berdi XXRning Tailanddagi elchisi Xan Chjitsyan “Bangkok post” gazetasiga.
– AQSH xalqaro iqtisodiy tizimdagi ustuvorligidan foydalanib, global sanoat zanjiri qoidasini buzib, jahon iqtisodiyotiga zarar keltirish maqsadida savdo urushi va texnologiya qamalini o‘rnatmoqda, – degan elchi. – Qo‘shma Shtatlarning Hind-Tinch okeani bo‘yicha strategiyasi, aslida, Xitoyni ushlab turish uchun siyosiy vositadir. Xitoy xalqining yaxshi yashash huquqini, mamlakat taraqqiyotini cheklashga qaratilgan hech qanday harakat muvaffaqiyat olib kelmaydi, aksincha, oxir-oqibat ularning o‘ziga zarar keltiradi. Buni XXRning so‘nggi yillarda erishilgan sezilarli darajadagi ilmiy-texnikaviy yutuqlari ham namoyish etmoqda. Gegemonlikning “G‘olib hamma narsaga ega bo‘ladi” tamoyili tarix, insoniyat jamiyati taraqqiyoti, kishilarning mintaqa va butun dunyoda tinchlikka, rivojlanishga intilishi qoidalariga tamoman ziddir.
Elchi Pekin “Osiyo-Tinch okeani mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli va mintaqaviy hamkorlikni yangi darajaga olib chiqish yo‘lida ishlashga tayyorligini qo‘shimcha qilgan.