O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan 1-2 oktyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
2 oktyabr kuni Doha shahridagi “Amiri Devon” majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevni Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy samimiy kutib oldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ikki mamlakat madhiyalarini ijro etdi.
Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar va rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
“Amiri Devon” majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Qatar Amiriga tashrif bilan kelish taklifi hamda O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qatar Amiri joriy yil iyun oyida Samarqandga amalga oshirgan tarixiy tashrif mamlakatlarimiz munosabatlarida yangi bosqichni boshlagani ta’kidlandi. O‘zbekiston bilan Qatar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuqori, strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga qat’iy intilish bildirildi.
Turli darajalarda muloqotlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi oshmoqda, ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Qatarning yirik kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalar boshlandi.
Tashrif arafasida Dohada O‘zbekiston elchixonasi ochildi, uning faoliyati samarali sheriklikni faol rivojlantirishga kuchli sur’at bag‘ishlaydi.
Qatarda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalariga hamohang bo‘lgan “Nigoh 2030” davlat dasturiga yuqori baho berildi.
Tomonlar savdo ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirish, an’anaviy va “yashil” energetika, neft-kimyo, metallarni chuqur qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi, qurilish, turizm, moliya va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish uchun 2024 yil yanvar oyida Dohada qo‘shma Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishlari va biznes-forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozimligi qayd etildi.
O‘zbekiston Qatarning ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, biotexnologiyalar va sun’iy intellekt, “yashil” energetika borasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Dohada O‘zbekiston madaniyati va turizm haftaligini o‘tkazishga kelishib olindi.
Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.
Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amaliy ilgari surish masalalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.
Tomonlar Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish muhimligi haqida yakdil fikr bildirdilar.
Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari bir qator qo‘shma “yo‘l xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali ro‘yobga chiqarish mexanizmlarini yaratish topshirig‘ini berdilar.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning muzokaralaridan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.
Xususan, hamkorlikning turli sohalarini qamrab oluvchi quyidagi hujjatlar imzolandi:
– O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qatar Davlati Hukumati o‘rtasida turizm va ishbilarmonlik tadbirlari sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Qatar Davlati Ijtimoiy rivojlanish va oila vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
– O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Qatar Davlati Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
– O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va Qatar Davlati Investitsiya agentligi o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;
– O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Qatar Davlati Ma’muriy nazorat va shaffoflik boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi.
Bundan tashqari, tashrif doirasida quyidagi kelishuvlarga erishildi:
– O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari qo‘mitasi va Doha dinlararo muloqot xalqaro markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
– O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi va Qatar Davlati Inson huquqlari bo‘yicha milliy qo‘mitasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
– O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Qatar Davlati Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tuzish to‘g‘risida bitim;
– O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Qatar Davlati Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu kuni Doha shahrida o‘ziga ajratilgan qarorgohda Qatar Davlatining sobiq Bosh vaziri, mamlakatdagi qator yirik investitsiya va sanoat xoldinglari asoschisi Hamad bin Jassim Ol Soniyni qabul qildi.
O‘zbekiston va Qatarning yetakchi kompaniya va korxonalari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Energetika, sanoat, infratuzilma, turizm, bank-moliya sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidan.
Davlatimiz rahbari ekspertlar guruhini shakllantirish va “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish orqali qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatarga davlat tashrifi doirasida “EKSPO Doha – 2023” butunjahon ko‘rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, Iroq, Yaman va boshqa qator mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari qatnashdi.
«EKSPO Doha» mintaqada o‘tkazilayotgan ilk global “yashil” ko‘rgazmadir. Tadbir “Yashil sahro, yanada yaxshi atrof-muhit” shiori ostida o‘tkazilmoqda va kelgusi yil mart oyiga qadar davom etadi.
Forum ishtirokchilari atrof-muhitni muhofaza qilish, ekotizimlarni rivojlantirish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini joriy qilish, yangi turdagi ekinlarni yetishtirish, innovatsion bog‘lar yaratish va boshqa yo‘nalishlardagi ilg‘or texnologiyalar va yutuqlar bilan tanishdi.
Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston milliy pavilonida intensiv dehqonchilik va chorvachilik, ekologik menejment sohalaridagi eng yangi texnologiyalar, mamlakatimiz bog‘dorchilik va oziq-ovqat tarmoqlari taqdimotlari namoyish etilmoqda.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qatarga davlat tashrifi yakunlandi.
O‘zA