Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar vazifalari nimalardan iborat?

Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi o‘rniga ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimi kiritildi.
Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-mayda “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan.
Mazkur qaror bilan:
oliy ta’lim muassasalarida ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi o‘rniga ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimi kiritish;
o‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot muassasalari direktorlarining ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida turdosh sohadagi oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimiga tayinlanishi belgilandi;
oliy ta’lim muassasalari tuzilmalarida innovatsiya jamg‘armalari va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘linmalarini tashkil etish nazarda tutilgan;
innovatsion rivojlanish vazirligi tarkibida Ilm-fan va ilmiy-texnik tadqiqotlarni rivojlantirish boshqarmasi tuzildi.
Endilikda oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlari hamda davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, O‘Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari direktorlarini ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimiga tayinlash Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor va ilmiy-tadqiqot muassasalari direktorlarini ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosarlari innovatsiya faoliyati, ilmiy-innovatsion ishlanmalarni joriy etish va tijoratlashtirish masalalari yakuni bo‘yicha bevosita Innovatsion rivojlanish vazirligiga hisobdordir.
Mazkur qaror bilan, Innovatsion rivojlanish vazirligi yiliga kamida ikki marta ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari direktorlarini ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosarlar ilmiy-innovatsion faoliyatini baholash bo‘yicha Prezidenti devoniga ma’lumot kiritishi belgilandi.
Innovatsiya jamg‘armalarini tashkil etish innovatsion mahsulotlarni tijoratlashtirishdan kelib tushgan daromadlar va to‘lov kontrakt mablag‘larining 5 foizdan kam bo‘lmagan miqdordagi (Oliy ta’lim muassasalari tomonidan ish haqi, stipendiya va boshqa joriy chiqimlar qoplangandan so‘ng) daromadlardan tashkil etiladi.
Jamg‘armaning mablag‘lari:
ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni rag‘batlantirish;
ilmiy-laboratoriya uskunalari,sarflash materiallari va butlovchi qismlarni xarid qilish;
ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini shakllantirish va yangilash, ilmiy xodimlarni moddiy rag‘batlantirish;
innovatsion faoliyat bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni amalga oshirishga yo‘naltirilishi belgilangan.
Shuningdek, Oliy o‘quv muassasalari ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘linmalarining asosiy vazifa va yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
bozorni tizimli tahlil qilib borish va innovatsion mahsulotlarga (ishlar, xizmatlarga) bo‘lgan talab darajasini, o‘z-o‘zini qoplash muddatini baholash, innovatsion mahsulotlarning tijoratlashtirish bilan bog‘liq rentabellik va tavakkalchilikni o‘rganish;
yuqori tijorat salohiyatiga ega va uni amalga oshirishga tayyor, o‘zlashtirish uchun istiqbolli bo‘lgan loyihalarni tanlab olish;
innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun investorlar, sheriklar va boshqa kiziqish bildirgan shaxslarni jalb qilish;
yangi texnologiyalarni va innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarishni joriy etish maqsadida sanoat korxonalari bilan hamkorlik qilish.
Endilikda ilmiy muassasalar bir qator imtiyozlarga ega bo‘ldilar. Jumladan, mazkur Qaror bilan 2022 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda:
belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxatlarga asosan ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan olib kiriladigan dasturiy ta’minot, reaktivlar, sarflash materiallari, butlovchi qismlar, ilmiy uskunalar uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun undiriladigan yig‘imlar bundan mustasno);
ilmiy-tadqiqot muassasalari barcha turdagi soliqlar (byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ajratmalari bundan mustasno) va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lashdan ozod etildi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi, manfaatdor vazirliklar va tashkilotlar birgalikda har yili o‘tkaziladigan “InnoWeyek.Uz”– Innovatsion g‘oyalar haftaligini tashkil etishadi va bunda innovatsion g‘oyalar mualliflari, respublikada innovatsiyalarni tatbiq etishga o‘z hissasini qo‘shgan tadbirkorlar, tashkilotchilar va homiylar moddiy rag‘batlantiriladi.

 

O‘zA