Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Ozarbayjonning Qorabog‘da amalga oshirgan amaliyotidan keyin bugun, 25 sentyabrda Naxichevanga boradi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.

Safar davomida Turkiya yetakchisi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashadi. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatni, mintaqa va xalqaro vaziyatni muhokama qiladi, deyiladi xabarda.

Davlat rahbarlari Qorabog‘dagi so‘nggi voqealar va “separatistlarni qurolsizlantirish jarayoni”ni ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

19 sentyabr kuni Qorabog‘da navbatdagi keskinlik boshlandi. Boku “lokal xususiyatga ega aksilterror tadbiri” boshlangani to‘g‘risida bayonot berdi va mintaqadan arman harbiylari olib chiqib ketilishini talab qildi.

Yerevan esa Qorabog‘da Armaniston Qurolli kuchlari vakillari yo‘qligini ma’lum qilgan.