Aholining ish bilan bandligini ta’minlash eng dolzarb masala. Zero, har bir davlatning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyoti aholi bandligi va ularning daromadi bilan bevosita bog‘liq.

Shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar natijasida ishsizlik darajasi keyingi olti yilda 9,5 foizdan 8,1 foizga kamayishiga erishildi. Bunda 80 dan ziyod faoliyat turlari daromad solig‘idan ozod qilingani, mehnat bozorida bandlikni ta’minlashning yangi instrumentlari joriy etilgani muhim o‘rin tutgan. Jumladan, 13 turdagi subsidiyalar ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. 54 turdagi kasblar bo‘yicha 59 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari, 140 ta kasb-hunarga o‘qitish maskanlari, 16 ta “Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil etilgan.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Aholi bandligini ta’minlashning samaradorligini oshirishda mehnat resurslari balansini shakllantirishning ahamiyati: muammolar va istiqboldagi rejalar” mavzusidagi seminarda qayd etildi.

– Davlatimiz rahbari boshchiligida aholini ish bilan ta’minlash borasida qator amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda, – dedi qo‘mita raisi Mavluda Xo‘jayeva. – Aholi sonining yildan – yilga oshishi, har yili minglab yoshlar mehnat bozoriga kirib kelishi yangi ish o‘rinlarini yaratishni taqozo etadi. Bu borada “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida yoshlarga yer ajratib berilayotgani, xotin-qizlar va yoshlar kasb – hunarga o‘qitilayotgani, talabalarga ham ishlash imkoniyati berilayotgani e’tiborga molik. Bandlik yo‘nalishidagi ishlar “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham keng o‘rin egallagan. Shu asosda bu boradagi ishlar izchil davom ettiriladi.

Seminardagi muhokamalarda bandlik sohasidagi mavjud muammolarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Deputatlar joylardagi o‘rganishlari mobaynida ishsizlar soni to‘g‘risidagi mahalladan olingan ma’lumotlar kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi ma’lumotlariga mos kelmasligi, norasmiy bandlikning ulushi yuqoriligi, ayrim hududlarda ishsizlik darajasi yuqori ekanligini ta’kidladi. Bu borada tegishli mutasaddilarning fikrlari tinglandi.

M.Komilova, O‘zA