Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga ko‘ra, parlament va hukumat o‘rtasidagi vakolatlar qayta taqsimlandi. Bir-birini takrorlovchi vazifalarga barham berildi. Bu esa parlament va hukumat o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini ta’minlashga xizmat qiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi hamkorligida tashkil etilgan ilmiy-amaliy seminarda shular haqida so‘z bordi.
Seminarda Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov yangilangan Konstitutsiyamizda parlamentga oid qator yangi normalar aks etgani, parlament nazorati ta’siri mustahkamlangani, ayniqsa, parlament va hukumatning vakolatlari aniq belgilab qo‘yilganini ta’kidladi. Parlament va hukumat faoliyatida joriy etilayotgan o‘zgarishlar ular o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada samarali tashkil qilishni taqozo etishi, bunda uning ilmiy asoslarini har tomonlama o‘rganish, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Seminarda deputat Muxtabar Husanova konstitutsiyaviy islohotlar zamirida parlament faoliyatidagi muhim o‘zgarishlar haqida ma’ruza qildi:
— Yangilangan Konstitutsiyamizga ko‘ra, parlament quyi palatasi siyosiy organga aylandi. Uning mutlaq vakolatlari soni 5 tadan 12 taga yetdi. Hukumat ustidan nazorati oshdi. Hukumatning mas’uliyati va javobgarligi kuchaytirildi. Hukumatning Oliy Majlisdagi vakolatli vakili instituti kiritildi. Parlament va hukumat o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati ta’minlandi. Umuman, konstitutsiyaviy islohotlar natijasida parlament palatalarining mutlaq vakolatlari belgilandi, uning mamlakatimiz hayotidagi o‘rni va roli yanada mustahkamlandi. Parlament va hukumat o‘rtasidagi munosabatlar hamkorlik va konstruktiv asosda tashkil etilishi zarur. Bunda faoliyatning nozik jihatlariga jiddiy e’tibor berish muhim. Jumladan, hukumat parlamentga qonun loyihalarini kiritishda eng asosiy sub’ekt hisoblanadi. Shu bois, parlamentga sifatli, har tomonlama pishiq va puxta tayyorlangan qonun loyihalarini kiritish lozim, — dedi deputat.
Seminarda konstitutsiyaviy islohotlar zamirida parlament faoliyatidagi muhim o‘zgarishlar, parlament islohotlarining o‘ziga xos jihatlari, parlament nazorati, qonun ijodkorligi jarayonida parlament va hukumat hamkorligining ilmiy-nazariy asoslari va rivojlanish istiqbollari, shuningdek, hukumat va parlament o‘rtasidagi munosabatlar borasida xorijiy tajribalar xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Toshkent davlat yuridik universiteti prorektori Ahror Hoshimxonov yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda qonunchilik tashabbusi huquqiga ega sub’ektlar borasida to‘xtaldi:
— Konstitutsiyamizning 98-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qonun loyihasi kiritish huquqiga ega bo‘lmoqda. Fuqarolar asosan ijtimoiy sohaga oid tashabbuslar kiritishi mumkin. O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida namoyon bo‘lar ekan, mazkur institutning joriy etilishi juda muhim. Bu fuqarolarimizning qonun ijodkorligi jarayonidagi ishtiroki ortishiga va qonunlarning amaliyotdagi ta’siri kuchayishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, tadbirda qonun ijodkorligi jarayonida yoshlarning ishtiroki, ularning manfaatlarini ifoda etish borasidagi amaliy ishlar to‘g‘risida ham so‘z bordi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA