Sug‘urta bozori faoliyati bo‘yicha erishilgan natijalar bevosita mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bog‘liq. Negaki, tizimdagi o‘zgarishlar va tatbiq etilayotgan yangi xizmat turlari uning ishtirokchilari faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Xo‘sh, bugungi kunda O‘zbekiston sug‘urta bozori faoliyati qanday va uning natijalari nimalarda namoyon bo‘lmoqda?
Ushbu savolga Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Jasur Jalolov quyidagicha javob berdi:
–Avvalo, sug‘urta, sug‘urta bozori nima va uning ishtirokchilari kimlar ekaniga izoh bersak. Sug‘urta – mol-mulk, sog‘liq yoki hayot, biznes va qiymatga ega bo‘lgan boshqa yo‘nalishdagi xatarlarning moliyaviy himoyasi. Sug‘urta bozori esa sug‘urta xizmatlari oldi-sotdisi bilan bog‘liq iktisodiy munosabatlar majmui hisoblanadi. Uning professional ishtirokchilari – sug‘urtalovchilar, qayta sug‘urtalovchilar, sug‘urta brokerlari va agentlaridir. Yurtimizda amalga oshiriladigan keng kamrovli islohotlar va sug‘urta sohasida davlat monopoliyasining bekor kilinishi Sug‘urta xizmatlari bozorining shakllanishi uchun katta qulaylik yaratganini alohida ta’kidlash lozim.
Mamlakatimiz sug‘urta bozorida 40 dan ziyod sug‘urta tashkiloti faoliyat yuritadi. Ular iqtisodiyotning turli tarmoqlariga ixtisoslashgani bilan o‘ziga xosdir.
Ahamiyatli jihati, sug‘urta munosabatlarida qatnashuvchi tomonlarning qonuniy manfaatlarini himoyalash maqsadida sug‘urta xizmatlari davlat tomonidan tartibga solinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 oktyabrdagi “Sug‘urta bozorini raqamlashtirish va hayot sug‘urtasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan 2022 yilning 1 iyulidan boshlab, barcha turdagi sug‘urta polislarini internet orqali onlayn xarid qilish imkoniyatlari yaratilishi lozimligi belgilangan.
Ushbu tizimning 2022 yil ko‘rsatkichlariga ko‘ra, jami sug‘urta mukofotlari hajmi 6,2 trillion so‘mni tashkil etgan. Uning 76 foizi umumiy sug‘urta, 24 foizi esa hayot sug‘urtasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Umumiy sug‘urta mukofotlarining 10 foizi majburiy sug‘urta badallari hisobiga shakllangan, qolgan 90 foizi ixtiyoriy sug‘urta mukofotlarining ulushidir. 2021 yilda ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 16 foiz va 84 foizni tashkil etgan.
Ushbu raqamlar mamlakatimizda ixtiyoriy sug‘urta klasslari ommabopligi oshib borayotganidan dalolat beradi. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekistonda hayot sug‘urtasi bo‘yicha mukofotlar hajmi YAIM ning 0,17 foizini tashkil etadi. Bu esa kishi boshiga o‘rtacha 3,91 dollardan to‘g‘ri kelishini bildiradi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 31,24 dollarga, Turkiyada esa 21,85 dollarga yetadi.
Umumiy sug‘urta mukofotlari hajmi YAIM ning 0,52 foizini tashkil etadi va kishi boshiga o‘rtacha 12,1 dollardan to‘g‘ri keladi. Ushbu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 58,5 dollarni, Turkiyada 119,7 dollarni tashkil qiladi.
Baxtsiz hodisalar va tibbiy sug‘urta mukofotlari hajmi YAIM ning 0,01 foizini tashkil qiladi va kishi boshiga o‘rtacha 0,28 dollardan to‘g‘ri keladi. Ushbu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 10,1 dollarga, Turkiyada 24,5 dollarga teng. Bu esa ushbu sug‘urta klasslarini rivojlantirishga alohida e’tibor berish lozimligidan dalolat beradi.
Umumiy sug‘urta bozorida konsentratsiya darajasi yuqoriligicha qolmoqda. 2012 yilda eng yirik 5 ta kompaniyaning bozordagi ulushi 58,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda 53,6 foizga pasaydi. Lekin mazkur davr mobaynida yangi sug‘urta kompaniyalarining bozorga kirib kelishi tufayli eng yirik 10 ta kompaniyaning ulushi 81,4 foizdan 72,3 foizga kamaydi.
Sug‘urta polislarini sotishda brokerlar ishtiroki yetarli emas. Agentlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarqatish asosiy sotuv kanali hisoblanadi. 2019-2021 yillarda jami sug‘urta polislarining 94 foizi ushbu kanallar orqali sotilgan. Internet imkoniyatlarining rivojlanishi natijasida sug‘urta polislarini internet orqali sotish rivojlanayapti. 2019 yilda sug‘urta polislarining 3 foizi internet orqali sotilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 7 foizgacha oshdi.
Muhimi, keyingi paytda sug‘urta bozori o‘z imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Bu esa professional ishtirokchilarning ushbu xizmat bozorida o‘z o‘rnini ishonchli egallashida muhim omil bo‘lmoqda.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi