Mustaqillikdan oldin yaratilgan tarix darsliklarida, ilmiy-tadqiqot markazlari nashrlarida, ommaviy axborot vositalarida Turkiston legioni mutlaqo yodga olinmagan, chunki bu haqda yozish kommunistik partiya mafkurasi va sovet siyosatiga to‘g‘ri kelmas edi.

Keyinchalik legion haqida elas-elas gap-so‘zlar eshitila boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati huzuridagi Faxriylar kengashi a’zosi, iste’fodagi polkovnik, tarixchi Xudoyberdi Sohibov bilan suhbatimiz ayni shu mavzuda.

– Xudoyberdi Sohibovich, marhamat, so‘z sizga!

– To‘g‘ri ta’kidladingiz, mustabid zamonda bu mavzu “yopiq” edi. Turkiston legioni to‘g‘risida yozish tugul, davralarda gapirishga ham jur’at qilinmasdi. Aniqrog‘i, bunga izn yo‘q edi. Holbuki, Turkiston legioni Ikkinchi jahon urushi davrining ajralmas tarkibiy qismi, qolaversa, hosilasi edi. Binobarin, legionni tashkil etish 1941 yil oxirida boshlangan. Keyingi yil bahorda tuzilma to‘liq shakllanib, faoliyatga kirishgan.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, urushning dastlabki yillarida g‘arbiy jabhada ikki million turkistonlik askar xizmat qilgan. Ularning yarmidan ko‘pi o‘sha kezlari asir tushgan. Aytgancha, turkistonliklar, deyilganda bugungi Markaziy Osiyo davlatlari xalqlari tushuniladi. Tashkilot nomi qadimiy hudud nomidan olingan. O‘sha payt mintaqa xalqlari millatlarga ajratilmas, hamma o‘zini turkistonlik hisoblar va bundan faxrlanardi. Hatto, legion bayrog‘i ham Turkiston muxtoriyati zamoniga mos bo‘lgan.

– Ustoz, urushning ilk yillari mintaqamizning ko‘plab vakillari nima sababdan jang maydonida paydo bo‘lganiga to‘xtalsangiz.

– Avvalo, qayd etish joiz, Ikkinchi jahon urushi boshlangan kun, ya’ni nemislar Polshaga hujum qilgan 1939 yilning 1 sentyabrida Sovet Ittifoqida umumiy majburiy harbiy xizmat joriy qilinadi. Bungacha turkistonliklarga ishonch bildirilmagan va ular harb ishiga jalb etilmagan. Ular o‘sha yili 30 noyabrda boshlangan Sovet Ittifoqi – Finlyandiya savashida ilk bor jangga tashlangan. Kelgusi bahorda qirg‘in tugagach, vatanlariga qaytarilmay, “qizil askarlar” safida Ukraina va Polshada xizmatni davom ettirish uchun qoldirilgan.

Fashistlar Germaniyasi 1941 yil iyunda sobiq ittifoqqa qarshi urush boshlashi bilan askarlar G‘arbga yuborilgan. Jangning ilk kunlaridan ittifoq respublikalari, jumladan O‘rta Osiyo va Qozog‘istonning norg‘ul yigitlari frontga safarbar qilingan. Tabiiyki, ular puxta jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan, yaxshi qurollanganlar safida emas edi.

Turkiya manbalarida 1941-1943 yillarda 4 million 487 ming 775 nafar turkistonlik urushga olingani aytiladi. Boshqa ma’lumotnomalarda bundan ko‘proq raqam keltiriladi. Sirasini aytganda, ilk voqealar sinchiklab o‘rganilsa, yanada qiziq dalil-raqamlar yuzaga qalqib chiqadi. Men faqat mavzumizga daxldor joyiga to‘xtalaman.

Urushda qatnashgan yigitlarimizning aksariyati rus tilini bilishmagan, bilganlari ham “moya-tvoya”dan nariga o‘tmagan. Boz ustiga, ruslar o‘rta osiyoliklarga unchalik ishonmagan. Hatto, urushning dastlabki oylari ularning qo‘llariga yog‘och miltiq berib qo‘yishgani, harbiy anjom bilan haminqadar ta’minlashgani to‘g‘risida ham ma’lumotlar bor. Shunga qaramay, ular old frontga tashlangan. Tasavvur qiling – orqangizda rus zobiti, qarshingizda fashist, ikkisidan ham qochib qutula olmaysiz. Yo hayot, yo mamot! Turkistonlik askarlar urush boshida nima uchun nemislarga asir tushganining asl sababi shunda. Nemis xalqi hisob-kitobni juda to‘g‘ri oladi: o‘sha payt ham kelajakka qaralgan, strategik reja tuzilib, turkistonliklardan samarali foydalanish ko‘zlangan.

– Anglashimcha, asirlarni bir joyga to‘plash, ularning boshini qovushtirish uchun Turkiston legioni tashkil etilgan ekan-da.

– Xuddi shunday! Urushning ilk oylari o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik va qoraqalpoq asirlari Varshavadan 18 kilometr masofadagi Legionovo degan joyda, so‘ngra Germaniyaning Noygamburg va Myunzengen, Ukrainaning Rovno shaharlaridagi lagerlarga joylashtirilgan. Keyingi yillari bunday kamplar Yevropaning boshqa shaharlarida ham ko‘plab ochilgan.

72 kun yashagan Turkiston muxtoriyatining avval tashqi ishlar vaziri bo‘lgan, keyin hukumatni boshqargan Mustafo Cho‘qay va o‘tgan asr 20-yillarida Germaniyaga o‘qishga borib, o‘sha joyda qolib ketgan Vali Qayumxon bu ishga bosh bo‘ladi. Ular lagerlarga borib, mahbuslar bilan suhbatlashadi. Turkiston batalonini tuzib, ota-bobolarimizdan meros hududlarni qaytarib olish niyatida ekanliklarini ochiq aytadi. Eng muhimi, harbiy asirlar jonini saqlab qolmoqchi bo‘lishadi. Bu ish har holda samara beradi.

Afsuski, ayni yo‘nalishdagi sa’y-harakat avj ola boshlaganda – 1941 yil 27 dekabrda lagerma-lager yurib, kasallik yuqtirib olgan Mustafo Cho‘qay Berlinda vafot etadi. 1942 yil boshida Vali Qayumxonning bevosita intilishi, Vermaxtning qo‘llab-quvvatlashi bilan Turkiston milliy legioni tuziladi va Vali Qayumxon rahbar etib tayinlanadi. Legionning barcha lager va batalonlarini nemislar boshqargan. Ayrim rota va vzvodlarga legionerlar rahbar etib tayinlangan esa-da, ularning ham o‘rinbosarlari nemis bo‘lgan.

Mart oyida 1000-1200 kishilik jangovar batalonlar tuzilib, askarlar, asosan, zavod-fabrika va strategik inshootlarni qo‘riqlashga jalb etilgan. Shuningdek, ular Italiya, Yugoslaviya va Fransiyadagi partizan urushida qatnashgan.

– Shu o‘rinda nima sababdan nemislar legion tashkil etishga osongina ko‘nganiga aniqlik kiritib o‘ting…

– Buning javobi juda oddiy. Fashistlar Sovet Ittifoqiga bostirib kirishidan yigirma yillar avval “qizillar”ning o‘zlari o‘ylab topgan “bosmachilar”ga qarshi kurash hali xotiradan ko‘tarilmagan, 30-yillarda kollektivlashtirish balosi avj olgani, millatlarning asl ziyolilari qatag‘onga uchragani, diniy va milliy kamsitish kuchaygani og‘ir asoratlar qoldirgan edi.Qolaversa, bugungi mintaqamiz mamlakatlariga hurlik berish, Germaniya protektoratida – himoyasi ostida Katta Turkiston davlati tuzish va’dalari amalga oshadigandek qabul qilingan.

Aslida fashistlarning uchinchi front ochish, ya’ni O‘rta Osiyoga Afg‘oniston orqali kirish va bu yerda markaziy hukumatga bog‘liq butafor – qo‘g‘irchoq hukumat tuzish niyati bo‘lgani tarixiy hujjatlarda ifodasini topgan. Bu reja sovet qo‘shinlarining Eronda ko‘rsatgan faolligi natijasida barbod bo‘lgan.

– Demak, turkistonlik legionerlar haqiqiy jangda qatnashmagan bo‘lib chiqadimi?

– To‘g‘rirog‘i, hammasi emas, bir qismi urushga kirgan, xolos. Aslida ular bu ters jangga ruhan tayyor bo‘lgan. Fashistlarning “Ikkinchi jahon urushida g‘olib chiqsak, Turkistonni sizlarga qaytarib beramiz”, degan va’dasiga ishongani tufayli ularning safida bo‘lib, Turkiston ozodligi uchun kurashishga shay turishgan.

Aksariyat yigitlarimiz Germaniya fronti ortida, turli yordamchi bo‘linmalarda xizmat burchini o‘tagan. Artilleriya omborlarini qo‘riqlash, temir yo‘l qurishda, ta’minot va sapyorlik ishida mashg‘ul bo‘lishgan. Urush davridagi jami 202 yordamchi bo‘linmaning 111 tasida turkistonliklar mehnat qilishgan. Natija ko‘rinib qolgan keyingi bir-bir yarim yil ichida legionerlarimizning ham qarashi o‘zgaradi va ular yoppasiga partizanlar tomoniga o‘ta boshlashadi.

Misollarga murojaat qilamiz. Andijonlik G‘ulom Aliyev fashistlarga asir tushgach, 1942-1944 yillari legionda xizmat qiladi. G‘alaba kuniga to‘rt kun qolganda, ya’ni 5 may kuni sovetlar tomonidan qo‘lga olinadi. Arxiv hujjatiga ko‘ra, tergov jarayonida u quyidagilarni anglatadi:

– 1944 yil 25 dekabr – Yangi yil arafasida do‘stim Isoqjon Narziqul bilan nemislarni uyga taklif qilib, ziyofat berdik, rosa “vodka” ichirib, mast qildik. Keyin… ularni qo‘shinga tizdik. Isoqjon bilan nemislardan foyda yo‘qligini anglab, shu yo‘lni tanlagan edik. Keyin slovaklarga, polkovnik Bolshinskiy boshchiligidagi partizanlar otryadiga qo‘shilib, fashistlarga qarshi kurash olib borganmiz.

– Milliy Turkiston birligi qo‘mitasi to‘g‘risida qanday fikrdasiz? 

– 1942 yil avgust oyida tashkil qilingan bu tuzilmaga Vali Qayumxon rahbar etib tayinlanadi. Zamonaviy tilda aytganda, tashkilot mafkura bilan shug‘ullanib, legionning siyosatini belgilab bergan. Qo‘mitaning 15 bo‘limida mintaqamizning mahbusga aylangunga qadar taniqli bo‘lgan ziyolilari, olimlari va ijodkorlari ishlagan. Masalan, 25-30 kishidan iborat Milliy tashviqot bo‘limi askarlar orasida siyosiy mavzuda suhbatlar o‘tkazgan. Salomatlik bo‘limi shifokorlari va fidokorlari yaralangan askarlar, nogironlar dardiga malham bo‘lgan. Ijtimoiy bo‘lim zimmasiga nogironlarga va adolatsizlik qurboni bo‘lganlarga yordam berish chorasini ko‘rish vazifasi yuklangan edi.

Ta’sis etilgan “Milliy Turkiston” jurnalining ilk soni “Bizning yo‘l” shiori ostida o‘sha yil 15 avgustda nashrdan chiqqan. “Yangi Turkiston” haftalik gazetasi esa 1943 yildan chop etila boshlangan. Urush oxirigacha adadi 15 mingdan 80 mingga yetgan. 1945 yil aprelda so‘nggi soni tayyorlangan.

Yana bir tashkilot – Turkiston milliy yozuvchilar birligi atrofiga tutqunlikdagi shoir-yozuvchilar jamlanadi. Ular milliy va adabiy mavzuda asarlar yozib, chop ettiradi. Chunonchi, Fitratning besh pardali “Hind inqilobchilari” pesasi lotin grafikasida 1944 yil bosilgan. Asarga so‘zboshi yozgan Ahmadjon Umarxon o‘g‘li Turkiston xalqlari ko‘p yildan buyon rus imperializmi ostida ezilib kelgani, mustaqillikka erishish uchun bir necha marta tarixiy kurash olib borilganini uqtiradi.

Urush davomida “Manas” dostonining bir qismi, Abay va Maxtumqulining she’riy to‘plamlari alohida kitob shaklida nashr etiladi. Shuningdek, 30-yillarda qatag‘onga uchragan turkistonlik shoir, yozuvchilar asarlari ham Berlinda dunyo yuzini ko‘radi.

– Ancha jiddiy-ku faoliyat…

– Andak shoshmang, hali hammasini aytib ulgurmadim. Har bir zobit va askar maxsus kiyimga ega edi. Kiyimning o‘ng yengida “Turkiston, Alloh biz bilan!” yozuvi bor. A’zolikka qabul qilish chog‘i nomzod qo‘lini Qur’oni karim va ikki qilich ustiga qo‘yib qasam ichgan. Marosimda Turkiston bayrog‘i bo‘y cho‘zib turgan.

Esingizda bo‘lsa, rejissyor Ravil Botirovning 1966 yil ekranlarga chiqqan “26-si otilmasin!” filmida, Turkiston legioniga oid lavhada “legionchilar” jamoa bo‘lib namoz o‘qigan epizod ham bor. Sovetlar zamonida bu lavha atayin yo bilmay, kesib tashlanmagan. Legionda namoz o‘qishga ruxsat berilgani, diniy erkinlikka xuruj bo‘lmaganini shu filmi ham tasdiqlaydi. Kartinani tomosha qilgan millionlab kishilar legion qahramoni faoliyatini qo‘llab-quvvatlagan.

Sobiq asir Husan Ikrom xotirlashicha, Milliy Turkiston birlik qo‘mitasi tomonidan Qur’oni karim ixcham hajmda tayyorlanib, barcha askarlarga tarqatilgan. Hayit bayrami keng nishonlangani, hatto, Qurbon bayrami kuni qo‘ylar so‘yilib, ehson qilingani aytiladi.

1944 yil iyun oyida Venada Milliy Turkiston birligi qo‘mitasining 70 kishilik Milliy parlamenti tuzilib, guruhga har millatdan ikki nafar vakil a’zo bo‘lib kiradi. Tashkiliy yig‘ilishda mingdan ortiq kishi qatnashadi. Milliy parlament xorijda milliy hukumat o‘laroq qabul qilinadi.

Men tilga olayotgan bu voqealarning aksariyati arxiv hujjatlariga asoslangan. Ular orasida ayrim shaxslarga va legion qoshida tuzilgan batalonlarga taalluqli ma’lumotlarni ham ko‘rganman. Qo‘shinlar nemislarning maxsus xizmati yordamida tuzilgan. Dastlab “Sharqiy batalonlar” paydo bo‘lgan. 1943 yil esa tatarlar, boshqirdlar va ozarbayjonlardan iborat “Temur nomidagi Turkiston bataloni” shakllantirilgan. Bu tuzilmalar Fransiyada Angliya-Amerika qo‘shinlariga, belarus partizanlariga qarshi kurashgan, ko‘p yo‘qotishdan so‘ng Litsmanshtat shahriga qaytarilgan.

Ayrim polklar Belorussiyada “qizillar”ga qarshi kurashgan, boshqalari 1944 yil Chexoslovakiyaga, Italiyaning Verona-Paduya tumaniga joylashtirilgan. 180-200 kishilik “SS” alohida dala rotasi razvedka maktabi kursantlaridan iborat bo‘lib, shubhasiz, ular orasida turkistonliklar ham edi.

– Turkiston legioni to‘g‘risida Vali Qayumxon, Ro‘zi Nazar ham fikr bildirgan bo‘lsa kerak?

– Legion haqida gap ochilganda, avvalo, Mustafo Cho‘qay va Vali Qayumxon eslanadi. 1918 yil Turkistondan quvilgan Cho‘qay mintaqa ozodligi uchun kurashni so‘nggi nafasigacha to‘xtatmagan. U urush boshlanganda Parijda istiqomat qilardi. Turkistonliklarning asir tushishi unga tinchlik bermasdi. O‘tgan asr 20-yillarida Germaniyaga o‘qishga borgan Vali Qayumxon esa sho‘rolar tazyiqidan cho‘chib, o‘sha mamlakatda qolib ketadi, oliy ma’lumotli bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnini topadi.

Ikkovlon konslagerlarda qolayotgan turkistonliklar holidan xabar olib, ularga ko‘maklashishga bel bog‘laydi. Fashistlar bunday hamkorlikka xayrixohlik bildirishadi. Suhbatlar asnosi turkistonliklardan iborat batalon tuzilishi va sovetlarga qarshi kurashga kirishishi mumkinligi aytiladi. Fashistlar oson g‘alaba qozonishdan umidvor bo‘lgani bois, avvaliga, bu taklifni rad etishadi.

Qandayligidan qat’i nazar, Mustafo Cho‘qay va Vali Qayumxonning maqsadi ota-bobolari hududini qaytarib olish edi. Vali Qayumxon “Bi-Bi-Si” va “Ozodlik” radiolaridagi suhbatida “Asirga tushgan yoshlar Yevropa, qolaversa, fashistlar ta’siriga tushib qolmasligi uchun o‘z mafkuramizni shakllantirishga majbur bo‘lganmiz”, degan fikrni bildirgan.

Amerikada yashayotgan 92 yoshli sobiq harbiy asir Ro‘zi Nazar 2009 yil 7 mart kuni “Bi-Bi-Si” muxbiri bilan muloqoti chog‘i “Turkiston ozodligi uchun biz – legionerlar hatto shayton bilan ham hamkorlik qilishga tayyor edik”, deydi. U sovetlarning Afg‘onistondagi intervensiyasi davrida mujohidlar qo‘liga asir tushgan bir necha o‘zbek yigitini qutqargan. Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekistonga kelib turgan.

– Turkiston legioni tashkil etilgach, general Vlasov tutqunlar va qochoqlardan iborat armiya tuzadi. Fashistlar esa ikki legion qo‘shilishiga monelik bildirmaydi. Shunday emasmi?

– Nemislarning bir necha oyda SSSRni bosib olish bo‘yicha “Barbarossa” rejasi barbod bo‘lgach, asirlar orasidan bolsheviklarga qarshi kurashni boshqaradigan “nomzod” qidirila boshlaydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, sopini o‘zidan chiqarmoqchi bo‘lishadi.

Qarangki, 1942 yil yozida fashistlar qurshovida qolgan sovet armiyasi generali Andrey Vlasov nemislarga taslim bo‘ladi va ularning shartiga rozilik bildiradi. U oralarida, hatto, ikki nafar general bo‘lgan bir millionga yaqin askarni to‘plab, o‘z armiyasini tuzadi. Shu jarayonda Turkiston legionini ham qo‘shib olish payida bo‘ladi. Murod-maqsadi butunlay boshqa legionchilar esa bu taklifga ko‘nmaydi. 1944 yil turkistonliklar Milliy parlamenti yig‘ilishida qatnashgan 400 delegat bir ovozdan Vlasov qo‘shiniga qo‘shilishga qarshi ovoz beradi. Vali Qayumxon esa oktyabr oyida natsist rahbarlardan biri – Gimmlerga yozma murojaat qilib, Turkiston legionining rus asirlaridan iborat armiyaga qo‘shilishga rozilik bermaslikni so‘raydi.

1945 yil bahorida Vlasovga jang qilish uchun ruxsat beriladi. U 12 mayda Germaniya kapitulyatsiyasidan keyin Amerika okkupatsiya qilgan hududga o‘tish chog‘ida qo‘lga olinadi.

Agar ikkala guruh faoliyati solishtirilsa, Vlasov qo‘shini g‘irt sotqin bo‘lib chiqadi, turkistonchilar esa fashistlarga xizmat qilgan bo‘lsa-da, ularning asl g‘oyasini himoya qilmagan.

– Turkiston legioni taqdiri nima bilan tugadi?

– Ittifoqdosh davlatlar – Amerika, Buyuk Britaniya va sobiq SSSR yetakchilari 1945 yil fevralda Yaltada to‘planadi. Butun dunyo tarixida muhim rol o‘ynagan ushbu konferensiya ishidan va natijasidan ko‘pchilik voqif. Binobarin, ushbu anjumanning juda muhim ahamiyatga ega yana bir qaroridan omma bexabar bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.

Yig‘ilish ishtirokchilari har bir mamlakat urushda asir tushgan vatandoshlarini qaytarib olishga haqli, degan to‘xtamga kelishadi. Bu g‘arblik asirlar uchun quvonarli voqea, biroq Sovet Ittifoqidan Germaniyaga asir tushganlar uchun o‘lim bilan barobar edi.

Oradan ko‘p o‘tmay, AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya armiyasi o‘z qo‘lida ushlab turilgan turkistonlik va boshqa millat tutqunlarini majburan SSSRga qaytara boshlaydi. Germaniyada o‘z legionini yaratib, “qizillar”ga qarshi kurashgan 200 mingdan ortiq turkistonlik va o‘zga millat asirlari bunga qarshi chiqadi. Ittifoqdosh davlatlarning zobit va askarlari, ayniqsa, rus zobitlari nemislar safida Qizil armiyaga qarshi kurashgan asirlarni tutib, sovetlarga taslim etadilar. Mahbuslar peshma-pesh vagonlarda sobiq Ittifoqqa jo‘natiladi.

– Uzr, “asirlarni tutish” nimaligini tushunmadim…

– 1943 yil aprelda har biri mustaqil Harbiy dengiz floti, Mudofaa hamda Ichki ishlar komissarliklarining “SMERSH” – “Smert shpionam” (“Josuslarga o‘lim”) kontrrazvedka bo‘linmalari tuzilgan. Tuzilmalar uch yil davomida sotqinlar, Vatanga xiyonat qilganlar, harbiy qismni tashlab qochganlar ustidan ish olib borgan. Shu tariqa salkam 630 ming “jinoyatchi” aniqlanib, qamoqqa tashlangan. Mahbuslarning bir qismi yo‘lda yoki manzilga yetib borgach, otib o‘ldirilgan, qolganlari Sibirga surgun qilingan. Bunday dahshatli fojiadan ogoh topgan boshqa asirlar o‘z joniga qasd qilishni afzal ko‘rgan.

SMERSH vazifasini bajarish jarayonida ko‘p hiyla-nayrang ishlatgan. Bunday qabihlik sovet kinolarida faxr bilan muhrlangan. Asirlar “Sizlar ota-onangiz bag‘riga qaytasiz, farzandlaringiz bilan diydorlashasiz” qabilidagi aldov bilan kemaga chiqariladi. Sig‘maganlar afsus-nadomat chekib, do‘stlariga qo‘l siltab qoladi. Kema esa ko‘zdan g‘oyib bo‘lar-bo‘lmas, portlatib yuboriladi…

Sovetlarning zulmkorligini bilgan ittifoqdoshlar 1945 yil noyabr oyida asirlarni qaytarmaslik tashabbusi bilan chiqadi, ammo endi kech edi, takror-takror ogohlantirishga hech kim quloq solmaydi. Legionchi Ergash Shermat Buloqboshi Turkiya matbuotiga bergan intervyularidan birida urushda tirik qolgan turkistonliklar boshiga og‘ir kulfatlar tushgani haqida gapirganini o‘qiganman.

O‘shanda turkistonliklar oldida ikki yo‘l bor edi – yo ruslarning qo‘liga tushmaslik chorasini ko‘rish, yo Qochqinlar bo‘yicha boshqarma lageriga borib joylashish. Afsuski, har ikki yo‘ldagi urinish ham natija bermaydi. Yalta konferensiyasi qarori muqaddas hisoblanib, qator davlatlar murojaati rad etiladi. Qizil yarim oy jamiyati ham ko‘makka tayyorligini bildirsa-da, amalda buning imkoni yo‘q edi.

Alqissa, taxminan 70 ming turkistonlik sovetlarga taslim etiladi. Urushdan so‘ng 80-100 minglab turkistonlik Germaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida yashab qoladi. Ularning bir qismi Turkiyaga, keyinchalik Amerikaga ketadi. Shunday qilib, minglarcha ota-onalar farzandlaridan ayriladi, ayollar tul, farzandlar yetim bo‘lib qoladi.

– Turkiston legionidan qochib, Vatanga qaytganlar haqida ma’lumotlar bormi?

– Albatta, bor! Yuqorida eslatganimdek, ularning ba’zilari majburlab yurtga olib kelingan, ayrimlari o‘z ixtiyori bilan kindik qoni tomgan joyga  qaytgan. Aksariyatining asir tushgani isbotlanmagan, ammo oradan yillar o‘tib, turli voqea-hodisa tufayli boshiga tashvish yog‘ilganlari, arzimagan bahona bilan hamqishloqlari tuhmatiga uchraganlari ham bor. Ba’zilar o‘zaro kelisholmay qolsa, raqibiga “Falonchi sotqin bo‘lgan, urushda dushman tomonga o‘tib, sovetlarga qarshi jang qilgan”, degan malomat yog‘dirgan. Qarabsizki, uning ustidan tergov olib borilib, uzoq muddatga qamalgan yoki Sibirga surgun qilingan.

1956 yil 17 sentyabrda SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining “1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushi davrida okkupantlar bilan hamkorlik qilgan sovet fuqarolarini amnistiya qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatga muvofiq, Sovet armiyasi va flotining Jinoyat kodeksining 193-(jang maydonidan qochish va asirga tushish) va 58-1 “b” (Vatanga xiyonat, dushman tarafga o‘tib ketish) moddalari bilan sudlangan barcha harbiy xizmatchilar afv qilindi…

– Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq Nyurnberg sudi voqeasiga ham  birrov to‘xtalsangiz…

– Bu jarayon natsistlar Germaniyasining bir necha harbiy jinoyatchisi ustidan o‘tkazilgan ilk sud ishidir. Ilgari natsistlar partiyasining s’ezdlari shu yerda chaqirilgani sababli atayin tanlangan Nyurnberg shahrining Adliya saroyida bo‘lib o‘tgani uchun tarixga shu nom bilan kirgan.

Sud nemis, rus, fransuz va ingliz tillarida olib boriladi. AQSH taklifiga binoan, mahkamada yangi usul – sinxron tarjima qo‘llanadi. Pirovardida 24 nafar asosiy ayblanuvchining teng yarmi o‘limga loyiq  ko‘riladi, 3 nafari umrbod, qolganlari turli muddatga qamaladi. Umuman, yakunda 24 kishi o‘lim, 118 kishi qamoq jazosiga hukm qilinadi, 35 nafar ayblanuvchi oqlanadi. Oqlanganlar orasida Vali Qayumxon ham bor edi. U ikki yil qamoqda saqlanadi. Turkiston legionining esa na sovetlarga, na nemislarga qarshi urushda qatnashgani isbotlanmaydi…

O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushida ishtiroki to‘g‘risidagi yangi  ma’lumotlarda ilk bor dom-daraksiz yo‘qolgan 158 ming kishi nomi keltiriladi. Ehtimol, ular orasida legionchilar ham bordir…

– Bugungi kunda Turkiston legioni qatnashchilari haqida xabar bormi?

 Bugungi suhbatimizda turkiyalik tadqiqotchi jurnalist, asli turkistonlik, O‘zbekistonning do‘sti Chag‘atoy Ko‘char taqdim etgan ma’lumotlardan ham foydalandim. Uning bizga aytishicha, shu yil aprel oyida yuz yoshni qoralagan so‘nggi legionchi Majid Bey Amerikada vafot etgan.

– Sho‘rolar zamonida Turkiston legioniga munosabat qanday bo‘lgani o‘z-o‘zidan ayon. Mustaqillik yillarida-chi, bu borada o‘zgarish sezildimi?

– Boshda ta’kidlaganimdek, legion haqida qisman maqolalar berish boshlandi. Hatto, tarixga oid kitoblarda ham, oz bo‘lsa-da, ma’lumot uchraydi. Xususan, zahmatkash tarixchi, professor Rustambek Shamsutdinov ayni mavzuga oid chiqishlar qildi.

2000 yil “Sharq” nashriyot-matbaa konsernida chop etilgan “O‘zbekistonning yangi tarixi” turkumidagi ikkinchi “O‘zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida” kitobida 1942 yil Turkiston milliy qo‘mitasi tashkil etilgani, Vali Qayumxon tashkilot prezidenti etib tayinlangani haqida batafsil ma’lumot bor. Legionning vazifasi, bajargan ishi haqida so‘z yuritilgan. Suhbatimizni ushbu asardan quyidagi parcha bilan yakunlamoqchiman:

“…Legionerlarga ijtimoiy-siyosiy baho berish ham murakkabligicha qolmoqda. Sovet tarixshunosligida ular bir xil – xalq “sotqinlari”, deya ta’riflangan. G‘arb tarixshunosligida va keyingi vaqtlari bizning matbuotimizda esa “ko‘ngillilar” – mustabid tuzumga qarshi g‘oyaviy kurashchilar, nemis armiyasi yordamida stalincha zulmdan mamlakatni ozod qilish uchun qurolli kurash olib borishga tayyor turgan kishilar edi, deb baholanmoqda. Umuman, “Turkiston legioni” masalasida turfa fikr mavjud. Mavzuni chuqur o‘rganish va xolisona baholash tarixchi olimlar oldida turgan muhim vazifadir”.

– Xudoyberdi Sohibovich, dalil va raqamlarga boy mazmunli suhbat uchun tashakkur!

Abror G‘ULOMOV suhbatlashdi.

O‘zA