Qozog‘iston Respublikasining Baykonur shahrida raketamodel sporti bo‘yicha “Baykonur kosmodromi kubogi” ochiq xalqaro musobaqasi va “Korkit-Ata” jahon kubogi bo‘lib o‘tdi.
Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston terma jamoalaridan 200 nafarga yaqin sportchi ishtirok etgan ushbu musobaqalarda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti sportchilaridan iborat milliy terma jamoa mamlakatimiz sha’nini munosib himoya qildi.
Bellashuvlarda turli mamlakatlardan kelgan mohir sportchilar o‘zlari tomonidan yaratilgan raketa modellari va ularning ochiq osmonda parvoz qilish imkoniyatlarini namoyon etdilar.
Har ikki musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, tashkilotchilar va butun dunyo raketamodel sporti ixlosmandlari olqishlariga sazovor bo‘ldi. Sportchilarimiz musobaqalarda 6 ta oltin, 7 ta kumush va 5 ta bronza medallari bilan qaytishdi.
Eslatib o‘tamiz, tashkilot sportchilari o‘tgan yili Baykonur shahrida sportning raketamodel turi bo‘yicha o‘tkazilgan “Baykonur kubogi – 2022” xalqaro musobaqasida ham umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan edi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA