Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan o‘zaro ikki tomonlama tashrif buyurishga kelishib oldi. Bu haqda Erdog‘an Nyu-Yorkda turk jurnalistlariga shunday dedi:

– Netanyaxu xastalik tufayli avvaldan rejalangan tashrif bilan Turkiyaga kela olmagan edi. Uni qayta mamlakatga taklif qildim. Keyin men ham delegatsiya bilan Isroilga boraman, dedim. Xullas, kelishib oldik.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashriflarni kechiktirmasdan amalga oshirish kerak. Isroil bilan energiya resurslari sohasida qazilma ishlarini boshlash kerak.

“Anadolu” agentligi xabarida Erdog‘an “Isroil bilan energetika sohasidagi hamkorlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘pgina muammolarni yechishga xizmat qiladi, energiya resurslarini Turkiya orqali Yevropaga tashish imkoni yaratiladi”, degan.

Uchrashuv chog‘ida xalqaro siyosiy hamkorlik istiqboli ham ko‘rib chiqilgan.