Shu yil 18-19 sentyabr kunlari Parij shahrida Fransiya sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha biznes va innovatsiyalar forumi bo‘lib o‘tdi.

Ikkinchi bor o‘tkazilgan ushbu nufuzli xalqaro tadbir Fransiya va xorijiy mamlakatlar sog‘liqni saqlash tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.

Dunyoning 30 dan ortiq davlatlaridan kelgan 300 dan ziyod tibbiyot sohasi vakillari qatnashgan mazkur forumda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari, soha oliy o‘quv yurtlari rahbarlaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi. Vazirlik matbuot xizmati tadbir tafsilotlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, anjuman doirasida vakillarimiz Fransiyaning sanoat korxonalari, klinikalari, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, konsalting firmalari va tibbiy servis kompaniyalari vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazgan.

Muzokaralar davomida tibbiyotni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimi va tibbiy ta’limni takomillashtirish, tibbiy asbob-uskunalar va buyumlar yetkazib berish, sohani raqamlashtirish, farmatsevtika, yo‘nalishlarida hamkorlik qilish bo‘yicha 10 dan ortiq memorandum va shartnomalar imzolandi.

Shuningdek, delegatsiyamiz a’zolari Fransiya sog‘liqni saqlash va profilaktika vazirligining Yevropa va xalqaro ishlar departamenti direktori o‘rinbosari Jerom Vaynbax bilan ham muloqot qildi.

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat vazirliklari o‘rtasida avval erishilgan kelishuvlarning ijrosi, mamlakatimizda O‘zbekiston – Fransiya sog‘liqni saqlash haftaligini o‘tkazish kabi qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.

M.Qosimova, O‘zA