O‘zbekistonda Janubiy Koreya bilan birgalikda “yashil” energetika, raqamli texnologiyalar, mashinasozlik, kimyo sanoati, elektrotexnika va to‘qimachilik tarmoqlari, infratuzilmaviy rivojlanish, shaharsozlik va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Koreyadan O‘zbekistonga kiritilgan investitsiyalar hajmi 7  milliard  AQSH dollaridan oshdi.

Mamlakatimizda Koreya bilan qariyb mingta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya Eksimbanki va uning jamg‘armalari bilan samarali hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy portfeli 3 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.

Bu O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaning Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xan Dok Su bilan uchrashuvida qayd etildi.

Muloqotda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi hamkorligi, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va ijtimoiy sohalardagi munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) bilan birgalikda tibbiyot va farmatsevtika klasterini tashkil etish, elektronika mahsulotlari va yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston – Koreya klasterini yaratish va boshqa loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Koreya Respublikasi Bosh vaziri barcha dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha yangi konstruktiv takliflarni faol ishlab chiqish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qamrovi jihatidan kengayib borayotgan ikki tomonlama muloqotni amaliy mazmun bilan yanada boyitishga kelishib olindi.

 

N.Abduraimova, O‘zA