Joriy yilning 18 sentyabr kuni Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustin boshchiligida O‘zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning IV yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik to‘g‘risida, xususan, “Rus fasllari” xalqaro madaniy loyihasi hamda Toshkent shahrida Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali faoliyati haqida ham so‘z bordi.

Toshkent shahridagi Butunrossiya davlat kinematografiya universiteti filiali direktori Eldor Yo‘ldoshev ushbu yig‘ilishda filial faoliyatining yuqori baholanganini qayd etdi.

– Yig‘ilishda Abdulla Aripov filialda mahorat darslari muvaffaqiyatli o‘tkazilayotganini ta’kidladi. Joriy yilning 29 sentyabr – 2 oktyabr kunlari o‘tkaziladigan “Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida BDKI filialida amaliy mahorat darsi an’anaviy tarzda bo‘lib o‘tadi. Kinofestivalning ma’rifiy dasturida Rossiya Federatsiyasi xalq artisti Vladimir Xotinenko, Rossiya Federatsiyasi xalq artisti Aleksey Uchitel, kinorejissyor Aleksandr Kott, san’atshunoslik fanlari nomzodi, operator Tatyana Yakovleva, prodyuser Renat Davletyarov va “Animatsiya va multimedia” fakulteti dekani Elena Yaremenkolar ishtirok etadi. Ta’kidlash kerakki, BDKI o‘zbek kinosini rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etuvchi asosiy xorijiy oliy ta’lim muassasi hisoblanadi. BDKI rektori, “Do‘stlik” ordeni sohibi Vladimir Malыshev o‘zining “O‘zbekiston kinematografiyasi va BDKI” nomli kitobida birinchi o‘zbek filmlari BDKI o‘qituvchisi N.Kladko va A.Ginzburg tufayli yaratilganini qayd etadi. Ishonchimiz komilki, BDKIning O‘zbekistondagi mazkur faoliyati o‘zbek kinosi uchun professional kadrlar tayyorlashning keyingi jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi,– dedi E.Yo‘ldoshev.

 

N.Ziyodullayeva,  

O‘zA