Yaqin yillargacha tibbiyot texnikalarini ishlab chiqarishni farmatsevtika sohasi va bu yo‘nalishda ishlayotgan tadbirkorlarga ham farmatsevtika xodimlari sifatida qaralar edi. Hozirga kelib esa tibbiyot texnikalarini ishlab chiqarish alohida soha etib belgilandi. Muhimi, buning uchun keng maydon yaratildi.

Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida ochilgan “UzMedExpo-2023” Xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasida shu kabi islohotlar e’tirof etildi. Mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, so‘ngi yillarda farmatsevtika sanoati sohasida salmoqli natijalarga erishilmoqda. O‘zbekistonning farmatsevtika bozori o‘sish dinamikasi bo‘yicha MDH mintaqasida eng tez rivojlanayotgan bozorlar qatoriga kirdi.

O‘tgan 8 oyda 41 ming nafar xorij fuqarolarining davolanish maqsadida yurtimizga kelgani, nafaqat milliy tibbiyotimiz, balki tibbiyot turizmi rivojlanayotganidan dalolatdir.

Mazkur ko‘rgazmadan o‘rin olgan tibbiy asbob-uskunalar, laboratoriya uskunalari, farmatsevtika, stomatologiyadan tashqari tibbiy turizm, go‘zallik va sog‘liq bo‘limlari ham ishtirokchilar e’tiborini tortdi.

Mahalliy hamda xorijiy ishlab chiqarish va distribyutorlik kompaniyalari vakillari ishtirok etayotgan ushbu “UzMedExpo-2023” Xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, “Dori-darmon” AK va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilmoqda.

Ko‘rgazma 21-22 sentyabr kunlari ham davom etadi. 

Mohigul Qosimova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA