Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Bosh Assambleya yig‘ilishida BMT rahbarligida Markaziy Osiyo va mintaqaga qo‘shni hududlarda xavfsizlik bo‘yicha yig‘ilish formati yaratish tashabbusi bilan chiqdi.

Aytish joiz, bu g‘oyaning maqsadi mintaqamiz barqaror, to‘qnashuvlarsiz rivojlanishini ta’minlash maqsadida Markaziy Osiyo va jahon hamjamiyati, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy va iqtisodiy institutlar yanada yaqinlashishi, sa’y-harakatlar muvofiqlashishiga yo‘naltirilgan yondashuv va yechimlar ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi. Prezident 2024 yil birinchi yig‘ilishni o‘tkazish uchun mamlakati tayyorligini tasdiqladi.

S.Berdimuhamedov mintaqaviy ekologik muammolarga yanada jiddiyroq e’tibor qaratishni so‘radi, Ashxobodda ixtisoslashtirilgan tuzilma – Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha mintaqaviy texnologiya markazini tashkil etish tashabbusini ham ilgari surdi.

Bundan tashqari, BMT bilan yaqin hamkorlikda “Kaspiy ekologik tashabbusi”ni yaratish taklifini bildirdi. Mazkur tashkilot Kaspiy dengizi hududida atrof-muhitni muhofaza qilish, dengiz biologik resursini saqlash, qator dolzarb ekologik muammolarni hal etish bilan bog‘liq keng doiradagi masalalar bo‘yicha professional hamkorlik qilish uchun xalqaro maydonga aylanishi mumkin.

G.Abdullayeva,

O‘zA