Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasidagi nutqida global oziq-ovqat xavfsizligi muammosiga alohida to‘xtaldi. U mamlakati oziq-ovqat ta’minotida mintaqaviy markaz sifatida ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qildi.
– Bu maqsad uchun bizda barcha zarur resurs, infratuzilma va logistika mavjud, – ta’kidladi Toqayev. – Qozog‘iston Osiyo va Yevropa o‘rtasida quruqlikdagi tranzit tashuvning 80 foizi uchun ishonchli zanjir hisoblanadi.
Qo‘shni davlat yetakchisi Sharq va G‘arb aloqasini sezilarli darajada mustahkamlashi, eng muhim bozorlar orasida savdo sur’atini oshirishi mumkin bo‘lgan “O‘rta yo‘lak” deb ataluvchi Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirish g‘oyasi haqida ham gapirdi. Shu bilan birga global institutlar tizimini barqarorlashtirish zarurligini qo‘shimcha qilib, xalqaro hamjamiyat oldida turgan muammolarni BMT Xavfsizlik Kengashidagi keng qamrovli islohotlarsiz hal qilishning iloji yo‘qligini eslatdi.
Q-J.Toqayevning fikricha, kengashda barcha rivojlanayotgan mamlakatlar qatori “o‘rta davlatlar” ovozi ham tinglanishi kerak. Mamlakat qurolsizlanish va qurol tarqatmaslikka qaratilgan yangi mexanizmlar ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlaydi:
– 2045 yilga qadar yadro qurolidan to‘liq voz kechish bo‘yicha strategik reja hozirgi avlod yetakchilarining global xavfsizlikka qo‘shgan eng muhim hissasi bo‘lishi mumkin!
G.Abdullayeva, O‘zA