Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva sohaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, har bir tashkilotda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni targ‘ib qilish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, gender tenglikka erishish masalalariga jamoatchilik e’tiborini keng jalb etish maqsadida joriy yil oktyabr-dekabr oylarida “Gender tenglik faoli” milliy tanlovi o‘tkaziladi.

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tashkil etiladigan tanlovda  “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol davlat organi”, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol hokimlik”, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol nodavlat notijorat tashkiloti”,  “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tadbirkorlik sub’ekti” nomli 4 ta asosiy nominatsiya nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi TV-dastur”, “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan internetdagi eng yaxshi veb-sayt yoki portal”, “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi nashr” nomli 3 ta qo‘shimcha nominatsiya ham mavjud.

Tanlov birinchi tuman (shahar), ikkinchi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda uchinchi – respublika bosqichida o‘tkaziladi.

Shuningdek, Davlat dasturiga muvofiq, “Ilmli ayol — jamiyat ko‘zgusi” shiori ostida “XXI asr ayoli” xotin-qizlar festivalini o‘tkazish yuzasidan 2023 yilning 31 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 37-majlis bayoni ijroga qaratildi.

Festival doirasida o‘tkaziladigan tanlovlar va sport musobaqalarini tizimli va samarali tashkil etish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar va namunaviy ssenariylar ishlab chiqilib, joylardagi tashkiliy qo‘mitalar hamda ishchi guruhlarga yetkazildi. Festival doirasida barcha hududlarda o‘tkaziladigan  tadbirlar  va  xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” tanloviga  start berildi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi  va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan joriy yil 24-31 oktyabr kunlari Toshkent shahrida  “XXI asr ayoli” respublika festivali va milliy va xorijiy yetakchi olima ayollar ishtirokida “Ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishda xotin-qizlarning o‘rni” mavzusidagi xalqaro forum o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA