Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazi bilan hamkorlikda “Ayollar huquqlarini himoya qilishda xalqaro va milliy mexanizmlar” mavzusida o‘quv kursi ochildi.
Mazkur o‘quv kursi ochilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi:
— Mamlakatimizda ayollar huquqlarini himoya qilishning milliy tizimi yaratilgan. Bu milliy tizim oltita yo‘nalishdan iborat. Xususan, birinchidan, zarur huquqiy baza yaratilgan. Ikkinchidan, tegishli institutsional tizimga asos solingan. Uchinchidan, bu borada muayyan o‘quv-tarbiya ishlari yo‘lga qo‘yilgan. To‘rtinchidan, sohaga oid qonunlar ijrosining monitoringi ta’minlanmoqda. Beshinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Oltinchidan, ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlik izchil amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi doirasida o‘tkazilayotgan mazkur o‘quv kursida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi xodimlarining ko‘nikmalari oshiriladi.
Jumladan, xodimlarning inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalari yuzasidan bilimlari oshiriladi. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklarni bartaraf etishga taalluqli chora-tadbirlar samaradorligi tahlil qilinadi, — dedi A.Saidov.
Mashg‘ulotlarda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, uning hududiy bo‘limlari va namunali tumanlararo markazlaridan jami 50 nafar tinglovchi ishtirok etmoqda. O‘quv kursi doirasida turli idora vakillari va ekspertlarning ayollar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga yordam berish va jinoyatchilarni javobgarlikka tortish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar borasidagi ma’ruzalari tinglanadi.
M.Komilova, O‘zA