Bojxona xizmati organlari xodimlari kuni tantanali nishonlandi

247

Bojxona qo‘mitasida 26 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda Bojxona qo‘mitasi rahbariyati va shaxsiy tarkibi, bojxona faxriylari, turli vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Madhiyamiz sadolari ostida boshlangan tadbirda Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov soha xodimlariga bayram tabrigini yo‘lladi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan jadal islohotlar samarasi o‘laroq, so‘nggi yillarda bojxona organlari davlatimizning mustahkam tayanchi, milliy manfaatlarining ishonchli himoyasini ta’minlovchi kuchli idora sifatida tobora takomillashib bormoqda.

Natijada bojxona organlarining mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy  xavfsizligini ta’minlash, xalqimizga beminnat ko‘makchi bo‘lishdek sharafli va mashaqqatli xizmati qadrlana boshlanib, aholi va tadbirkorlarning ushbu sohaga nisbatan ishonchi yanada ortdi.

O‘tgan bir yilda tovarlar tashqi savdosi 47 milliard dollarni, chegara bojxona postlari orqali harakatlangan yukli avtotransportlar 1,4 milliontani, yukli vagonlar 734 mingtani, yo‘lovchilr 41 million nafarni hamda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan taqdim etilgan yuk deklaratsiyalari 1 milliondan ortiqni tashkil etdi.

Yurtboshimizning xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida bergan topshiriqlari asosida xorijiy davlatlarning bojxona xizmatlari hamda Jahon bojxona tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, Jahon banki kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Masalan, o‘tgan uch yilning o‘zida 15 ta davlat bojxona xizmatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama hujjatlar imzolandi.

Prezidentimizning tashriflari bilan ochilgan “Bojxona rasmiylashtiruvi markazi”ga 22 ta davlatdan 210 ga yaqin bojxona va turli soha rahbarlari va xodimlarining tashrifi amalga oshirildi.

Ushbu davlatlar orasida raqamlashtirish sohasida oldingi o‘rinlarda turadigan Ozarbayjon, Rossiya, Gruziya, Belarus va Armaniston kabi mamlakatlar ham borligi diqqatga sazovordir.

O‘tgan bir yilda eksport deklaratsiyalarining 91 foizi yoki 265 mingtasi, import deklaratsiyalarining 75 foizi yoki 560 mingtasi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi.

Bunda, eksportda 54 foiz, importda 14 foiz deklaratsiyalar rasmiylashtiruvi inson omilisiz amalga oshirildi.

Eng asosiysi, 6 mingga yaqin eksportyor va 20 mingga yaqin importyorning ortiqcha sarf-xarajati hamda vaqti tejalishiga erishildi.

Bojxona xodimlari oziq-ovqat mahsulotlari va qadoqlash buyumlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish yo‘nalishida 5 trillion 569 milliard so‘mlik 402 ta yangi loyihalar ishga tushirilib, 7 720 ta ish o‘rni yaratilishida munosib ishtirok etishdi.

Respublikaning eksport hajmini oshirishga ko‘maklashish borasida tadbirkorlarimizga “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimini targ‘ib qilish ishlari kuchaytirildi. Natijada o‘tgan bir yilning o‘zida ushbu rejimdan foydalangan tadbirkorlar 355 tani tashkil etib, 40 foizga yoki 101 taga oshdi.

Prezidentimizning energetika sohasini isloh qilish bo‘yicha topshiriqlari asosida davlat idoralari, ijtimoiy sohalar, tadbirkorlarning ob’ektlari, aholi xonadonlari va ko‘p qavatli uylar bo‘yicha jami 98 ming 246 ta ob’ektga 970  megavatt quyosh panellarini o‘rnatish ishlari nazorat qilinib, belgilangan reja 128 foizga bajarilishi ta’minlandi.

Bojxona organlarining hissasi bilan o‘tgan uch yilning o‘zida respublikamizning 10 ta hududida amalga oshirilgan qurilish va ta’mirlash ishlarining yakuni bo‘yicha 23 ta ob’ekt, ya’ni maktab, bog‘cha, sport komplekslari, internat uylari va mahalla binolari foydalanishga topshirildi. Hozirda ushbu ob’ektlar 5 mingdan ortiq fuqarolarimizga xizmat qilmoqda.

Tadbir yakunida sohada o‘rnak va namuna ko‘rsatib xizmat qilib kelayotgan bir guruh bojxona xodimlari Bojxona qo‘mitasi raisi tomonidan taqdirlandi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA