Ish kuni davomida xodimga dam olishi uchun qancha vaqt ajratilishi kerak?

Huquqiy munosabat
Qonunchilikka ko‘ra, xodimga dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish vaqti va uning aniq davomiyligi ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi.
Xo‘sh, xodimlar dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan o‘z ixtiyoriga ko‘ra, foydalanishi mumkinmi? Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Aygerim Aripbayeva bu borada quyidagi huquqiy tushunchalarni berdi:
–O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 45-moddasiga ko‘ra, har kim dam olish huquqiga ega. Dam olish kunining turlari va davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi bilan belgilangan bo‘lib, ushbu kodeksning 204-moddasiga binoan, xodimga ish kuni (smena) davomida dam olish va ovqatlanish uchun davomiyligi ko‘pi bilan ikki soat va kamida o‘ttiz daqiqa bo‘lgan, ish vaqtiga kiritilmaydigan tanaffus berilishi kerak.
Shuningdek, agarda ichki mehnat tartib-qoidalarida yoki mehnat shartnomasida xodim bilan ish kuni davomiyligi to‘rt soatdan oshmasa, unga mazkur tanaffus berilmasligi nazarda tutilishi mumkin.
Demak, xodimga ish kunida ko‘pi bilan 2 soat va kamida 30 daqiqa dam olish va ovqatlanish uchun tanaffuslar berilishi kerak va bu tanaffuslar ish vaqtiga kiritilmaydi. Lekin agar xodim kunlik ishining davomiyligi 4 soatdan oshmasa, tanaffuslar berilmasligi nazarda tutilishi mumkin.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 205-moddasiga binoan xodimga dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan tashqari quyidagi qo‘shimcha ta’tillar beriladi:
Jumladan, qonunchilikda, sanitariya normalari va qoidalarida yoki mehnatni tashkil etish yoxud mehnat faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq, yilning issiq yoki sovuq mavsumida ochiq havoda yoxud sovitilmaydigan yoki yopiq xonalarda ishlaydigan, yuk ortish-tushurish ishlarida band bo‘lganlar uchun maxsus tanaffuslar, bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar.
Xulosa qilib aytganda xodimga ish kuni davomida ikki turdagi tanaffuslar (dam olish va ovqatlanish, qo‘shimcha tanaffuslar) beriladi. Dam olish va ovqatlanish tanaffuslari uchun ko‘pi 2 soat, kami bilan yarim soat davomiyligida ish kuni davomida beriladi va bu tanaffuslar ish vaqtiga kiritilmaydi.
Shuningdek, qo‘shimcha tanaffuslar mavjud va bu tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA