Zamonaviy, sifatli laboratoriya diagnostikasi: imkoniyatlar va istiqbollar
Poytaxtimizda “Zamonaviy, sifatli laboratoriya diagnostikasi: imkoniyatlar va istiqbollar” mavzusida laborator xizmati mutaxassislarining I Respublika anjumani o‘tkazildi.
Ushbu nufuzli tadbir O‘zbekistonda laboratoriya diagnostikasi salohiyatini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan Xitoyning “Snibe Diagnostic” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil qilindi.
Ma’lumki, o‘tgan yili davlatimiz rahbari Xitoyda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston — Xitoy investitsiya forumida ishtirok etgan edi. Unda mamlakatimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi Xitoy kompaniyasi bilan tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tibbiy buyumlarni modernizatsiya qilish va shoshilinch tibbiy yordam tizimini takomillashtirishga qaratilgan memorandum imzolagandi.
SSV matbuot xizmatining xabar berishicha, kelishuvga muvofiq, kompaniya tomonidan yurtimizga grant asosida 125 dona zamonaviy yuqori samarali avtomatlashtirilgan diagnostika uskunasi topshirildi. Ushbu jihozlar yurtimizdagi 87 ta tibbiyot muassasasiga yetkazilib, ishga tushirildi.
O‘z navbatida, 200 nafardan ortiq yuqori va o‘rta bo‘g‘in laboratoriya xodimlarining malakasi oshirildi. Ya’ni professional xizmat ko‘rsatish jamoasi joylarga chiqib, laborator uskunalar o‘rnatilgan tibbiyot muassasalari laboratoriyalarining o‘zlarida mutaxassislarga ulardan foydalanish sirlarini o‘rgatdi.
Bundan tashqari, qurilmalarning to‘g‘ri va bexato ishlashini ta’minlash uchun barcha muassasalar suvni tozalash tizimlari va uzluksiz quvvat manbai bilan jihozlandi.
Laborator xizmati mutaxassislarining I Respublika anjumani o‘zaro bilim va tajriba almashish, shifoxonalar hamda shifokorlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar va zamonaviy analizatorlarning texnik xususiyatlari, afzalliklarini muhokama qilish uchun keng maydon bo‘ldi.
Laboratoriya diagnostikasi sohasidagi yetakchi mutaxassislar so‘zga chiqib, bu yo‘nalishdagi yangiliklar, ushbu xizmatning rivojlangan davlatlardagi holati, uskunalarni samarali qo‘llash usullari, ularning muhim texnik jihatlari, laboratoriya ishi sifatini baholash va nazorat qilish kabi masalalar yuzasidan fikr bildirdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA